Xorazmda kommunal xo‘jaligi mansabdori $1000 pora bilan ushlandi

3-sahifa

image

Xorazm viloyati Qo‘shko‘pir tumani qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bo‘limi boshlig‘i fuqaroning noturar binosini turar joy toifasiga o‘tkazib berishni va’da qilib, 1 000 AQSH dollari talab qilgan va pulning bir qismini olgan vaqtida ushlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, tezkor tadbir Departamentning Xorazm viloyati boshqarmasi hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan.

Tergovga qadar aniqlangan holatga ko‘ra, bo‘lim boshlig‘i R. A. fuqaro J. P. ga uning noturar binosini turar joy sifatida rasmiylashtirib berishini aytgan. Bu ishni viloyat qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi bosh boshqarmasida ishlaydigan tanishlari orqali hal qilib berishini va’da qilgan.

Buning evaziga u 1 000 AQSH dollari so‘ragan. R. A. kelishilgan mablag‘ hisobidan 700 AQSH dollari va 3,6 mln so‘mni olgan paytda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Bildirilishicha, mazkur holat yuzasidan R. A. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (Firibgarlik) va 28, 211-moddasi (Pora berish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘lib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand viloyatida “Energosavdo” muhandisi 20 mln so‘mlik jarimani yopib berish evaziga fuqarodan 500 AQSH dollari olgan vaqtida ushlangani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing