Abxaziya Prezidenti namoyishlar ortidan iste’foga chiqdi
Olam
−
13 yanvar 2020
4408Abxaziya Prezidenti Raul Xajimba mamlakatda yuz berayotgan o‘ziga qarshi noroziliklar ortidan iste’foga chiqishga qaror qildi. Bu haqda Abxaziya vitse-prezidenti Aslan Barsits xabar berdi.
“Qon to‘kilmasligi, respublikada barqarorlik bo‘lishi uchun u tegishli hujjatni imzolashga rozi bo‘ldi”, deb aytgan Barsits.
Xajimbaning o‘zi ham lavozimidan ketganini tasdiqlagan. U navbatdan tashqari prezidentlik saylovlarida ishtirok etishi haqidagi savolga “Hayot ko‘rsatadi”, deb javob qilgan.
“Yagona Abxaziya” muxolif partiyasi raisi Sergey Shambaning ma’lum qilishicha, respublika Konstitutsiyasiga ko‘ra, Xajimbaning iste’fosidan keyin Prezident vazifasini Bosh vazir bajaradi. Ayni vaqtda Bosh vazir lavozimini Valeriy Bganba egallaydi.
Muxolifat tarafdorlari Xajimbaning iste’fosini o‘zlarining g‘alabasi sifatida qarshi olib, bir-birlarini tabrikladilar.
12 yanvarda Abxaziya markaziy saylov komissiyasi 22 mart kuni takroriy prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tishini belgiladi. Komissiyada Oliy sudning 2019 yil sentyabrda o‘tgan saylovlar natijalarini bekor qilish haqidagi qaroriga qarshi ekani, biroq unga bo‘ysunishga majburligi aytib o‘tilgan.
Ta’kidlanishicha, respublikaga Moskvadan RF Prezidentining yordamchisi Vladislav Surkov “vaziyatni hal qilish” uchun kelgan.
Eslatib o‘tamiz, Abxaziyada muxolifatchilar Raul Xajimbaga qarshi namoyishlarni boshlab yuborishi ortidan mamlakat parlamenti uning iste’foga chiqishi uchun ovoz bergandi. Keyinroq Abxaziya sudi o‘tgan yilning sentyabridagi prezidentlik saylovlari natijalarini bekor qilish haqida qaror chiqardi.
LiveBarchasi