Abxaziya parlamenti Rossiya bilan mojaroli kelishuv ratifikatsiyasini rad etdi
Olam
−
03 dekabr
2488Tan olinmagan Abxaziya respublikasi parlamenti navbatdan tashqari yig‘ilishda Rossiya yuridik shaxslarining mamlakat hududida investitsion faoliyat olib borishiga oid Abxaziya-Rossiya kelishuvini ratifikatsiya qilishga qarshi ovoz berdi. Bu haqda “Interfaks” xabar berdi.
“Rossiya yuridik shaxslarining Abxaziya hududida investitsiya loyihalarini amalga oshirish to‘g‘risidagi kelishuvni ratifikatsiya qilish haqidagi qonun loyihasi qabul qilinmadi”, deydi Xalq majlisi spikeri Lasha Ashuba ovoz berishdan so‘ng.
Yig‘ilishda qatnashgan 23 deputatdan 21 nafari kelishuvni ratifikatsiya qilishga qarshi ovoz bergan, ikki kishi betaraf qolgan. Parlamentning umumiy tarkibi esa 35 deputatdan iborat. Shundan so‘ng parlament binosi oldida to‘plangan muxolifat tarafdorlariga Xalq majlisi deputati Kan Kvarchiya murojaat qilgan.
“Parlamentning ushbu qarori Rossiyaga qarshi qaratilmagan. Bu majburiy chora, chunki Abxaziya uchun zararli bo‘lgan kelishuvni ratifikatsiya qilish mumkin emas edi. Ijro hokimiyati buni tushunadi va kelishuvni parlamentdan qaytarib oladi, deb umid qilgandik, ammo bu amalga oshmadi. Ushbu kelishuvni tayyorlash va imzolashda ishtirok etganlar bor. Ulardan biri “prezident” edi va u iste’foga chiqdi”, degan deputat.
Kvarchiyaning so‘zlariga ko‘ra, yaqin vaqt ichida parlamentning navbatdan tashqari yana bir yig‘ilishini o‘tkazish tashabbusi ko‘tariladi va unda bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiyot vaziri Kristina Ozganga ishonchsizlik votumi bildirish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Ma’lumot uchun, mazkur kelishuv joriy yilning 30 oktyabr kuni Moskvada Rossiya Iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov va Abxaziya iqtisodiyot vaziri Kristina Ozgan tomonidan imzolangan. Abxaziya hukumati bu kelishuv respublika iqtisodiyotiga Rossiya investitsiyalarini jalb qilishga qaratilganini ta’kidlagan. Hujjatda Rossiya investorlarining Abxaziya hududida loyihalarni amalga oshirish shartlari belgilangan. Asosiy shart – Rossiyadan keladigan sarmoya hajmi har bir loyiha uchun kamida 2 milliard rubl bo‘lishi kerak.
Biroq muxolifat kelishuvni tanqid qilib, bu mahalliy biznesni qiyin ahvolda qoldirishi va Abxaziya milliy manfaatlariga putur yetkazishini bildirdi. Xususan, ular bir qancha namoyishlar o‘tkazib, respublika rahbarining iste’fosini talab qildi. Buning ortidan 19 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari yig‘ilishda Abxaziya parlamenti “prezident”ning iste’fosini qabul qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abxaziya vitse-prezidenti Badra Zurabovich Gunba Aslan Bjaniya iste’foga chiqqanidan so‘ng davlat rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olgan edi.
LiveBarchasi
Dollar kursi biroz pastladi.
04 dekabr