Abxaziya Rossiyadan elektr energiyasi so‘radi
Olam
−
21 dekabr
2862Tan olinmagan Abxaziya prezidenti vazifasini bajaruvchi Badra Gunba fuqarolarga murojaat qilib, Rossiya kerakli yordam bermayotganini aytdi. Bu haqda “Apsnypress” xabar berdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, noyabr oyidagi siyosiy inqiroz dahshatli oqibatlarga olib kelgan, davlat byudjeti asossiz yuk ostida qolgan. Shuningdek, Rossiyaning Abxaziyaga yordam ko‘rsatish bo‘yicha eng muhim dasturlari to‘xtatilgan, ish haqi va ijtimoiy to‘lovlarni kechiktirish muammosi paydo bo‘lgan.
“Ittifoqchi bilan munosabatlarni bunday holatga keltirish mumkin emas, deyishni o‘rinli deb bilaman. Men Abxaziya Respublikasi prezidenti vazifasini bajaruvchi sifatida ittifoqdoshimiz va strategik hamkorimiz Rossiya Federatsiyasiga insonparvarlik yordami bilan elektr energiyasi yetkazib berish masalasini hal etishni so‘rab murojaat qildim. Umid qilamanki, bu murojaat tezroq qo‘llab-quvvatlanadi”, degan u aholiga.
Qolaversa, u Rossiyani o‘zining asosiy ittifoqchisi va strategik hamkori deb atagan.
Gunba, shuningdek, Abxaziyada 2025 yil 15 fevralga belgilangan prezidentlik saylovlarida ishtirok etishga qaror qilganini ma’lum qilgan.
Ma’lumot uchun, Rossiya joriy yilning 1 sentyabridan Abxaziyada huquq-tartibot idoralari xodimlari, shifokorlar va o‘qituvchilarga ijtimoiy to‘lovlarni to‘lashni to‘xtatgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq tan olinmagan Abxaziya vitse-prezidenti Badra Zurabovich Gunba Aslan Bjaniya iste’foga chiqqanidan so‘ng davlat rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olgandi.