Gruziya separatistlar bilan tinchlikka erishishga intilmayapti
Olam
−
08 avgust 2025 3274 2 daqiqa
Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze mamlakat Abxaziya va Janubiy Osetiya bilan kuch ishlatmaslik (hujum qilmaslik) bo‘yicha shartnoma imzolashga tayyor emasligini bildirdi. Bu haqda “Ambebi” xabar berdi.
“Biz bunday narsaga tayyor emasmiz. Bu biz uchun jiddiy narsa emas. Biz bir oddiy fikrni aytamiz – hududiy yaxlitlikni tiklashning yagona yo‘li tinch yo‘l. Biz bu haqda aytamiz va hech qanday hujjat yoki kelishuv haqida gap bo‘lishi mumkin emas”, degan Bosh vazir.
Ushbu bayonot 2008 yilning 8 avgust kuni Gruziya qo‘shinlarining Janubiy Osetiyaga bostirib kirganiga to‘liq 17 yil to‘lishi kuni yangradi. Har ikkala hudud 1990 yillarda Gruziyadan ajralib chiqqan, sobiq prezident Mixail Saakashvili esa Janubiy Osetiya ustidan nazoratni qaytarib olish uchun harbiy harakatlarni boshlagan edi.
Gruziya bu respublikalarni alohida davlat sifatida tan olmaydi va ularni “bosib olingan hududlar” deb hisoblaydi. Abxaziya SSSR davrida Gruziya SSR tarkibidagi muxtor respublika, Janubiy Osetiya esa muxtor viloyat maqomiga ega bo‘lgan. SSSR parchalanganidan so‘ng, ikkala respublika ham mustaqilligini e’lon qilgan.
2008 yil 8 avgustga o‘tar kechasi Gruziya Janubiy Osetiyaga qo‘shin kiritib, poytaxt Sxinvalni o‘qqa tutgan. O‘sha paytda Rossiya prezidenti bo‘lgan Dmitriy Medvedev “tinchlikka majbur qilish” operatsiyasi boshlanganini e’lon qilgan. Besh kun davom etgan urushdan so‘ng, avgust oxirida Rossiya Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil davlat sifatida tan olgan. Ularni Rossiyadan tashqari Nikaragua, Venesuela, Suriya va Nauru ham tan olgan.
Abxaziya hukumati Tbilisini hujum qilmaslik to‘g‘risida bitim imzolashga bir necha bor chaqirgan, biroq Gruziya bu taklifni har safar rad etgan. Abxaziyada bunday pozitsiya “nokonstruktiv” deya baholangan.
Kobaxidze hukumati Saakashvilini mamlakatning milliy manfaatlarini sotganlikda va Gruziyaga katta zarar yetkazganlikda ayblab kelmoqda. Shu bilan birga, hukumat Gruziya hududiy yaxlitligini faqat tinch yo‘l bilan tiklash niyatida ekanini ta’kidlaydi.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning 18 mart kuni NATOning sobiq bosh kotibi Yens Stoltenberg Tbilisida Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Gruziya hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlashini bildirgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Osetiya va Abxaziya Gruziya tarkibiga kiradi.
Live
Barchasi