Abxaziya parlamentida deputatlar otishma sodir etdi. Qurbon bor

Olam

image

Bugun, 19 dekabr kuni tan olinmagan Abxaziya respublikasi parlamentida otishma sodir bo‘ldi. Deputatlardan biri Vaxtang Golandziya olgan jarohatlari oqibatida vafot etdi. Bu haqda respublika sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Apsnipress” xabar berdi.

Abxaziya ichki ishlar vazirligi vakillariga ko‘ra, janjal deputatlar Adgur Xaraziya, Kan Kvarchiya va Vaxtang Golandziya ishtirokida yuz bergan. Xaraziya bir necha bor o‘q uzgan, buning oqibatida Kvarchiya va Golandziya jarohat olgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, otishma parlamentdagi yopiq majlis chog‘ida sodir bo‘lgan.

Vaqtincha Abxaziya ichki ishlar vaziri vazifasini bajaruvchi Robert Kiutning bildirishicha, Adgur Xaraziya voqea joyidan yashiringan. Peshonasidan jarohat olgan Kan Kvarchiya reanimatsiyada, biroq uning hayotiga xavf yo‘qligi qayd etilgan. Parlament binosida hozirda ichki ishlar vazirligi va prokuratura tergov guruhi ish olib bormoqda.

Abxaziya prezidenti vazifasini bajaruvchi Badra Gunba kuchishlatar tuzilmalar vakillarining voqea yuzasidan ma’lumotlarini tinglagan. Majlis ishtirokchilari hodisa bo‘yicha tergov boshlangani haqida hisobot bergan.

Mahalliy AMPA-Life Telegram-kanaliga ko‘ra, parlamentdagi majlisda kriptovalyuta ishlab chiqarishni taqiqlash haqidagi qonun loyihasi muhokama qilingan. Ushbu muhokama davomida Adgur Xaraziya va Kan Kvarchiya o‘rtasida janjal chiqqan, Vaxtang Golandziya esa ularni ajratmoqchi bo‘lgan.

Qayd etilishicha, otishmada asosiy gumonlanuvchi sifatida deputat Adgur Xaraziya ko‘rilmoqda. Xaraziya 65 yoshda. U 1993 yildan 2002 yilgacha Gulripsh tumani ma’muriyati rahbari, 2002-2003 yillarda esa qishloq xo‘jaligi vaziri lavozimida ishlagan. 2014 yil oktyabr oyida Xaraziya Suxumi shahar ma’muriyati rahbari etib tayinlangan. U 2007, 2012 va 2022 yillarda parlament deputatligiga saylangan.

Ma’lumot uchun, 2020 yil dekabr oyida Suxumida sodir bo‘lgan boshqa bir otishma voqeasida Xaraziya bir kishini oyog‘idan yaralagan. O‘shanda unga nisbatan atayin og‘ir tan jarohati yetkazish va qurolni noqonuniy saqlash moddalariga binoan ikki jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Keyinchalik u uy qamog‘iga hukm qilingan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Abxaziya vitse-prezidenti Badra Zurabovich Gunba Aslan Bjaniya iste’foga chiqqanidan so‘ng davlat rahbari vazifasini o‘z zimmasiga olgandi.


Maqola muallifi

Teglar

otishma parlament Abxaziya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing