Ozarbayjon parlamenti Yevroparlament rezolyutsiyasini qoraladi

Olam

image

Ozarbayjon parlamenti Yevroparlamentning 5 oktyabr kuni qabul qilingan YeI va Baku o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish va Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan sanksiyalar joriy etish zarurligi haqidagi rezolyutsiyasini ob’ektivlikdan yiroq deb hisobladi. 

“Ozarbayjon parlamenti 5 oktyabrda Yevroparlament tomonidan noxolis va tarafkash rezolyutsiya qabul qilinganiga keskin norozilik bildiradi va mamlakatimizga qarshi qaratilgan bu qadamni qoralaydi. Ozarbayjonning Yevroparlament oldida hech qanday majburiyati yo‘qligini eslatib o‘tamiz va Yevropani qamrab olgan islomofobiya, antisemitizm, muhojirlar huquqlarining ommaviy va qo‘pol buzilishi va shu kabi chuqur ildiz otgan muammolar bilan shug‘ullangani ma’qulroq bo‘lar edi”, deyiladi bayonotda. 

Hujjatda qayd etilishicha, Yevroparlament rezolyutsiyasi Fransiya hukumati tashabbusi bilan ushbu mamlakat deputatlaridan olingan yolg‘on ma’lumotlar asosida tayyorlangan. Parlament a’zolari, shuningdek, bunday rezolyutsiyaning qabul qilinishi separatchilikni ochiq qo‘llab-quvvatlash ekanligini qayd etgan. 

“Yevropa parlamentining tan olinmagan Tog‘li Qorabog‘ Respublikasi o‘z-o‘zini tarqatib yuborganidan keyin uni himoya qilishi siyosiy ikkiyuzlamachilikni ko‘rsatib, mintaqadagi vaziyatni keskinlashtirishga xizmat qiladi”, deyiladi bayonotda.  

Ozarbayjon parlamentariylariga ko‘ra, Yevroparlament o‘zining noto‘g‘ri siyosati bilan Yevropa Ittifoqining Janubiy Kavkaz siyosatini xavf ostiga qo‘yadi. 

Bayonotda ta’kidlanishicha, Ozarbayjon hukumati Qorabog‘ mintaqasida yashovchi armanlarning Ozarbayjon jamiyatiga barqaror qayta integratsiyalashuvini ta’minlash maqsadida ushbu hududdagi ijtimoiy, gumanitar, iqtisodiy va infratuzilmaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. 

“Yevropa parlamentining Qorabog‘dan o‘z ixtiyori bilan chiqib ketgan armanistonliklarni majburan chiqarib yuborish haqidagi bayonotlari BMT, Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi, BMTning Qochqinlar bo‘yicha Oliy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlarning bayonotlariga mutlaqo zid va xalqaro hamjamiyatni chalg‘itishga qaratilgan”, deyiladi bayonotda.

Eslatib o‘tamiz, Yevroparlamentning 5 oktyabr kuni Strasburgda o‘tgan yalpi majlisida Yevropa Ittifoqi va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarni qayta ko‘rib chiqish va Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat yuzasidan sanksiyalar qo‘llash zarurligi haqidagi rezolyutsiya qabul qilindi.  


Maqola muallifi

Teglar

sanktsiya Ozarbayjon-Armaniston Tog'li Qorabog' Qorabog' Evroparlament Evropa parlamenti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing