Ozarbayjon Eronni unga qarshi tahdid va provokatsiyalarda aybladi
Olam
−
01 aprel 2023
5385Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Ayxan Hojizoda Eronni Bakuga qarshi tobora ko‘proq tahdid va provokatsiyalar qilayotganlikda aybladi. Bu haqda kecha, 31 mart kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi tomonidan e’lon qilingan bayonotda so‘z bordi.
“So‘nggi paytlarda Eron tomonidan mamlakatimizga nisbatan ko‘proq tahdidlar eshitilmoqda, Ozarbayjonga qarshi provokatsiyalar qilinmoqda. Eron tomonining Ozarbayjon bilan chegarasida o‘tkazayotgan mashg‘ulotlari, Ozarbayjonga qarshi bolalarning ishtirokida videolavhalar olishi va tarqatishi, mamlakatimizning Tehrondagi elchixonasiga hujum ham ana shunday provokatsiyalar sirasiga kiradi”, deydi Ozarbayjon Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili.
Ozarbayjon TIV vakilining aytishicha, Baku Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kananining bayonotlarini qat’iy qoralaydi. Hojizoda Eron TIV matbuot kotibining chiqishlari Ozarbayjon-Eron munosabatlarini inqirozga olib borish yo‘lidagi navbatdagi qadam ekanini ta’kidlagan.
Aytib o‘tish joiz, kecha, 31 mart kuni ertalab Nosir Kanani Bakudan Isroil bilan Eronga qarshi hamkorlikni tushuntirishni talab qilgan. U mazkur hamkorlik Isroil Ozarbayjon hududida Eronga qarshi tayyorlayotgan fitna ekanini aytgan.
Hojizoda o‘z bayonotida bunga ham javob bergan.
“Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Nosir Kananiga 31 mart kuni Ozarbayjon Tashqi ishlar vaziri Jayhun Bayramovning Isroil davlatiga tashrifi chog‘ida o‘tkazilgan matbuot brifingida aytgan gaplarini diqqat bilan tinglashni tavsiya qilamiz. Jayhun Bayramov Isroil Tashqi ishlar vaziri bilan o‘tkazgan matbuot brifingida Eronga qarshi hech qanday pozitsiya bildirmadi. Shu munosabat bilan biz Eron Tashqi ishlar vazirligining ushbu bayonotini Ozarbayjonga qarshi navbatdagi qadam deb bilamiz. Ozarbayjon o‘z hududidan uchinchi davlatlarga qarshi foydalanishga hech qachon ruxsat bermasligini bildiramiz. Aksincha, oxirgi paytlarda Eron hududidan Ozarbayjonga qarshi tahdidlar aytilib, provokatsiyalar uyushtirilmoqda”, deyilgan Ozarbayjon TIV bayonotida.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27 yanvar kuni Ozarbayjon TIV mamlakatning Tehrondagi elchixonasiga qurolli hujum uyushtirilgani, oqibatda diplomatik missiyaning xavfsizlik bo‘limi boshlig‘i halok bo‘lgani va uning ikki hamkasbi yaralanganini ma’lum kilgandi. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev qurolli hujumni qoralab, uni terakt deb atagan va zudlik bilan tergov qilinishini, aybdorlarning jazolanishini talab qilgandi. 29 yanvar kuni esa mamlakatning Tehrondagi elchixonasi xodimlari va ularning oila a’zolari – jami 53 kishi Bakuga evakuatsiya qilingandi. Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Xalaf Xalafov jurnalistlarga elchixona diplomatik faoliyatini to‘liq to‘xtatganini, biroq Tabrizdagi bosh konsullik normal faoliyat yuritishda davom etishini aytgandi.