Ozarbayjon chegarasini buzishga uringan arman askarlari qo‘lga olindi
Olam
−
27 may 2021
5760Ozarbayjon Mudofaa vazirligi Armaniston qurolli kuchlarining razvedka-qo‘poruvchilik guruhini Ozarbayjon hududiga ko‘chirishga urinish haqida e’lon qildi.
Xabarga ko‘ra, olti nafar armanistonlik harbiy qo‘lga olingan.
“27 may kuni soat 03:00 (Toshkent vaqti bilan 04:00) da Armaniston Qurolli Kuchlarining razvedka-qo‘poruvchilik guruhi Ozarbayjon hududiga o‘tishga harakat qildi. Dushman Ozarbayjon armiyasining chegarada joylashgan pozitsiyalariga olib boruvchi ta’minot yo‘lida minalash ishlarini olib bordi. Zudlik bilan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida qarama-qarshi tomonning olti nafar harbiy xizmatchisi asirga olindi”, deyilgan xabarda.
Avvalroq, Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon harbiylari Armaniston armiyasining Gegarkunik viloyati chegaraoldi qismida joylashgan pozitsiyalariga qarata o‘q uzgani haqida xabar tarqatgandi.
Ozarbayjon Mudofaa vazirligi ushbu ma’lumot noto‘g‘ri ekanini aytgandi.
Eslatib o‘tamiz, Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan ozar-arman chegarasida keskinlikning kuchayishi tendensiyasi kuzatilayotganini, chegaraning ayrim uchastkalarida Ozarbayjon Qurolli kuchlari o‘zini tajovuzkor tutayotganini iddao qilib chiqqandi.
Pashinyan Ozarbayjon askarlari mamlakatni tark etishi uchun Rossiya Prezidenti Vladimir Putindan harbiy yordam so‘ragandi. Shuningdek, Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron o‘zining Facebook’dagi sahifasida Ozarbayjon qo‘shinlarini Armaniston hududidan olib chiqish zarurligini ta’kidlagandi.
O‘z navbatida rasmiy Baku Tashqi ishlar vazirligi Yerevanning Ozarbayjon-Armaniston chegarasini muvofiqlashtirish jarayonlariga munosabatini nomunosib deb baholadi va Armaniston rasmiylarini saylov arafasida vaziyatdan ichki siyosiy maqsadlarida foydalanmaslikka chaqirdi.
LiveBarchasi