“Oyog‘i yerdan uzilgan” hokim uzr so‘rayman deb, yana “qovun tushirdi” (video)
Jamiyat
−
04 avgust 2019
32268Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning keskin tanqididan keyin xalqdan, rishtonliklardan kechirim so‘ragani haqida xabar bergan edik. U 14 nafar mas’ul ishdan olinganini ma’lum qilgandi.
Farg‘ona rahbari ortidan Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev ham uzr so‘rab chiqdi. Faqat u yakkabog‘liklardan uzr so‘radimi yo xo‘jako‘rsinga videoga tushib berdimi tushunish qiyin.
“Bo‘lgan voqealarda viloyat hokimligi, tuman hokimligi aybdorligini yuz bora, ming bora aziz xalqimizdan, hukumatimizdan, hurmatli blogerlarimizdan, hurmatli jurnalistlarimizdan, mana shu masalada aziyat chekkan tadbirkorlarimizdan ta’zim qilib, sizlarga yana bir marta iltifot qilib, kechirim so‘ramoqchimanki, mana shu masalada biz juda katta xatoliklarga yo‘l qo‘ydik”, deydi hokimbuva Zafar Ro‘ziyev.
Faqat uning atrofida fuqarolardan ko‘ra, oq ko‘ylakli hokimlik xodimlarining ko‘pligi e’tiborni tortdi. Aftidan, Ro‘ziyev uzr so‘rash uchun hokimlik jamoasini to‘plagan va yo‘liga yakkabog‘liklarning bir nechtasini chaqirgan. Mansabdorlarning bedodligidan aziyat chekkan, buldozer va hokim o‘rinbosarini yoqib yuborishni so‘nggi chora deb, bilgan tadbirkor hamda unga o‘xshaganlar esa hokimbuvaning uzrini internetta tarqalgan videolardan ko‘rib olishi kerakdek. Xato ustiga xato deb, shuni aytishsa kerak.
Yana Ro‘ziyevning atrofidagilari mutelardek qo‘lida qog‘oz-qalam bilan hokimning aytganlarini so‘zma-so‘z yozib boryapti. Hokim esa xatosini tan olgisi kelmagandek, bo‘lgan ishlarda shaxslarni emas, viloyat hokimligi, tuman hokimligi aybdorligini aytib turibdi. Ho‘p, u aytganchalik viloyat va tuman hokimligi aybdor bo‘lsa, Ro‘ziyevning ko‘zi qayerda edi? U viloyat rahbari, Prezidentning hududdagi vakili sifatida chora ko‘rishi kerak edi, chamamda. Davlat rahbarining xalq bilan bo‘lish haqidagi topshirig‘iga Ro‘ziyevning javobi shumi?
Bundan bir necha kun ilgari u “oyog‘i yerdan uzilgani”, manmanlikka berilib qolganini aytib chiqqandi. Navbatdagi videoda u o‘zining aytganlarini yana bir bor isbotladi. Ro‘ziyevning murojaati uzr so‘rashmi yo ko‘zbo‘yamachilik? Xulosa chiqarish har kimning o‘ziga havola.
LiveBarchasi