Otaturk davrida yo‘q qilingan Istanbulning ilk madrasasi 98 yil o‘tib tiklandi
Olam
−
16 aprel 2022
8084Kecha, 15 aprel kuni Istanbuldagi ilk madrasi bo‘lmish Ayya Sofiya Fotih faoliyatini to‘xtatganidan 98 yil o‘tib yana qayta ochildi. Marosimda mamlakat Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an, Turkiy davlatlar diniy idoralari rahbarlari, jumladan O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi – muftiy Nuriddin Xoliqnazarov ham ishtirok etdi.
Erdo‘g‘an madrasining faoliyati qayta tiklanishi orqali xalqning o‘zligi, tarixi, madaniyati o‘ziga qaytarilmoqda.
"Muhtasham o‘tmishimizni bugun va kelajakka olib borish, uni xalqimiz bilan birlashtirish uchun juda muhim qadam tashladik. Bugun ochgan Ayya Sofiya Fotih madrasasi bilan yana bir durdonamizni shahrimizga qaytarmoqdamiz", deydi Erdo‘g‘an.
Prezident Ayya Sofiya Fotih madrasasining 1453 yilda, Istanbulning fath qilinishidan so‘ng Ayya Sofiya ibodatxonasi yonida shaharning birinchi madrasasi sifatida foydalanishga topshirilganini va turli sanalarda ta’mirlash va qurilish ishlari bilan 1924 yilgacha ta’lim xizmatlarini davom ettirganini eslatdi.
Istanbulni zabt etgan Fotih Sulton Mehmetning tomonidan poydevori qo‘yilgan, asrlar davomida ilm va donishmandlik maskani bo‘lib xizmat qilgan ushbu tarixiy madrasa ajdodlardan qolgan tarixiy meros, omonat singari avlodlarga bus-butun yetib borishi muhimligi ta’kidlandi.
“Madrasamizdan ertaga allomalar, ziyolilar, olim va tadqiqotchilar yetishib chiqadi, degan umiddaman”, deydi Prezident.
U, shuningdek, mazkur madrasada o‘z davrining va Islom olamining buyuk mudarrislaridan biri, Movarounnahr zaminida kamol topgan Ali Qushchi saboq berganini aytib, O‘zbekiston nomini alohida urg‘uladi.
Erdo‘g‘an Mustafo Kamol Otaturk rahbarligi davrida Ayya Sofiya masjidi muzeyga aylantirilgani, madrasa ham yo‘q qilinganini xotirladi.
“Madrasa turli sanalarda ta’mirlash, qurilish ishlari bilan 1924 yilgacha o‘z ta’lim xizmatini davom ettirdi. Bir muddat mehribonlik uyi sifatida foydalanilganidan buzib tashlangan. Ayya Sofiyani asl o‘zligidan ayirib, muzeyga aylantirgan mentalitet, afsuski, bu madrasaga ham chiday olmadi”, deydi Erdo‘g‘an.
Ma’lumot uchun, Tarixiy manbalarga ko‘ra, Sulton Mehmet II ning 1453 yilda fath qilingan Istanbuldagi birinchi qarori Ayya Sofiyani masjidga aylantirish bo‘lgan.
Sulton, shuningdek, Ayya Sofiyaning shimoli-g‘arbiy qismidagi, ilgari Vizantiya ruhoniylari tomonidan foydalanilgan binoni madrasaga aylantirishni buyurdi.
Fotih madrasasi asrlar davomida qayta-qayta ta’mirlangan.
1869-1874 yillarda Sulton Abdulaziz qarori bilan eskirgan bino buzilib, poydevoriga madrasaning yangi binosi quriladi.
1924 yilda bu bino Istanbul munitsipaliteti qarori bilan bolalar uyi sifatida foydalanila boshlandi.
1934 yilda Ayya Sofiya masjidiga muzey maqomini berish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. 1936 yilda turli vajlar bilan madrasa binosi buzib tashlangan.
38 xonali madrasani restavratsiya qilish loyihasi 2017 yilda boshlangan. 2021 yil 25 aprelda Ayya Sofiya hududida qurilish va tiklash ishlari yakunlandi.
Eslatib o‘tamiz, 2020 yilning iyul oyida Turkiya Davlat kengashi Istanbuldagi Ayya Sofiyani muzeyga aylantirish to‘g‘risidagi 1934 yilda qabul qilingan Mustafo Kamol Otaturk farmoyishini bekor qildi. Shundan so‘ng, ushbu majmuadan masjid sifatida foydalanilishi ma’lum bo‘ldi. Oradan 86 yil o‘tib, 2020 yilning 24 iyul kuni Ayya Sofiyada jamoat to‘planib, juma namozi o‘qildi.
Ayya Sofiya ibodatxonasi Vizantiya imperatori Konstantin II tarafidan milodiy 360 yilda bunyod etilgan. U yog‘ochdan qurilgan bo‘lgani uchun 404 yilga kelib yonib ketgan. O‘sha yili ibodatxona birinchi bor ta’mirlangan. Ibodatxonaning hozirgi binosi esa Vizantiya imperatori Yustinyan birinchining buyrug‘iga ko‘ra, 532-537 yillarda barpo etilgan. Ibodatxonaning qurilishi 5 yilu 10 oy davom etgan. Unda 10 mingdan ortiq quruvchi mehnat qilgan. Ibodatxona tarixchilar tomonidan o‘sha davrning eng katta binosi sifatida qayd etilgan.
LiveBarchasi