“Otangga bor, onangga bor”. Suv toshqiniga kim aybdor?
Jamiyat
−
03 iyul
7882Toshkent shahrining Yunusobod tumanida katta suv o‘tkazgich tarmog‘idagi nosozlik sabab ko‘chalarni suv bosdi. Dastlab, diametri 1200mm katta suv o‘tkazgich tarmog‘ida nosozlik vujudga kelgani va buning oqibatida ushbu ko‘chalarni suv bosgani haqida xabar berilgandi. Biroq o‘rganish jarayonida hodisa diametri 800 mm bo‘lgan suv o‘tkazgichda yuzaga kelgani aniqlangan.
Tongda tarqalgan xabarlarda “O‘zsuvta’minot” vakili suv toshqiniga yaqin hududda joylashgan qozonxonadagi vaqtincha elektr energiyasidagi uzilish sabab bo‘lgani, oqibatda quvurlarda bosim ko‘tarilib ketganini bildirdi.
“Toshkent shahar elektr tarmoqlari” tasarrufidagi Yunusobod tuman elektr ta’minoti bosh muhandisi esa ushbu ayblovlarni rad etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hududda elektr energiyasi mutasaddilarning iltimosiga ko‘ra, suv toshqinidan so‘ng, xavfsizlik nuqtai nazaridan o‘chirilgan.
Hozirgi ma’lumotlarga ko‘ra, suv quvurining ajralib ketishiga elektr energiyasidagi uzilish sabab bo‘lgani haqidagi gaplar dastlabki xulosa bo‘lgan. Hozirda ushbu ma’lumot rad etilgan.
Hududda yashovchi aholi vakili ham suv o‘chgan vaqtda elektr energiyasida uzilish bo‘lmaganini bildirdi.
Shuningdek, “O‘zsuvta’minot” vakilining so‘zlariga ko‘ra, bunga bir necha kun avval Toshkent shahrida 110 kVli “L-DOK-1” va “L-DOK-2” yuqori kuchlanishli havo elektr uzatish tarmog‘ida yuzaga kelgan nosozlik turtki bo‘lgan bo‘lishi mumkin, degan fikrni ham ilgari surdi.
Ammo “Toshkent shahar elektr tarmoqlari” tasarrufidagi Yunusobod tuman elektr ta’minoti bosh muhandisi bu gaplar haqiqatdan yiroq ekani, bundan 6 kun avval sodir bo‘lgan va qisqa vaqt ichida bartaraf etilgan bu nosozlikning suv quvuridagi avariya holatiga umuman daxli yo‘qligini aytdi.
LiveBarchasi