Otamning yo‘lidan ketmoqchi edim – “Baxti Tashkentskiy”ning o‘g‘li (video)

3-sahifa

image

O‘zbekistondagi jinoyat olamida “Baxti Tashkentskiy” laqabi bilan tanilgan Baxtiyor Qudratullayevning o‘g‘li, 11 yilga ozodlikdan mahrum etilgan Bekzod Zafarov otasining yo‘lidan ketmoqchi bo‘lganini, biroq bu yo‘l xatoligini tushunganini aytdi. Bu haqda u Ichki ishlar vazirligining “So‘nggi pushaymon” loyihasiga bergan intervyusida gapirdi.

“Baxti Tashkentskiy deb tanilgan Qudratullayev Baxtiyor Zafarovichning o‘g‘illari bo‘laman. Men ham shu otamning yo‘nalishlarini ushlayman degan xayolda yurgan edim. O‘ylaganlarimning hammasi katta xato ekan. Xo‘jalik ishlariga, qurilish ishlariga qarashib turaman. Qolgan payt ishlab chiqarish korxonasiga ishga chiqaman. U yoqda payvandchilik, temir-tersak bilan ish qilamiz. Bir yil oldingi hayotim bilan hozirgi hayotim ancha farqli”, deydi u.

Shunningdek, Bekzod jinoyat olamidagi taniqli shaxslarga ergashishdan hech qanday foyda yo‘qligini aytgan.

“Bu yerda Bekzodmisan, Bekmisan, kim bo‘lsang ham hamma uchun qonun bir. Jinoyat olamining taniqli shaxslariga, jinoyat olamiga qanot bo‘lib ergashishdan hech qanaqa foyda yo‘q. El-yurtda ota-onalarini xizmatida bo‘lsa, mahallaga, shu jamiyatga foydasi tegadigan inson bo‘lsa, shu narsani tushunib yetdim. Hamma boshiga tushib nimani yo‘qotganini tushunarkan. 2 farzandim bor. Keyingi yil katta o‘g‘lim maktabga chiqadi. Tezroq keling, sizni sog‘indim, dedi. Shu gaplar hali ham xayolimdan ketmaydi. Tunlari ko‘zlarimni yopganimda bolalarim tushimga kirib chiqadi. O‘zim shu maktabga chiqayotgan paytlarni eslab hozirgi kunda o‘g‘limni 1-sinfga – “Birinchi qo‘ng‘iroq”qa olib chiqa olmasligimdan pushaymonman. Ota-onalar majlisi bo‘ladi va ota-onalar majlisida ishtirok eta olmayotganim, unga darslarida qarashmayotganim, ularga bir yaxshi o‘rnak bo‘lib, oldida suyanadigan tog‘ bo‘lib turmayotganlarim alam qiladi.

Shu narsalardan afsuslanaman. Qizimning tili chiqib, har xil narsalari paydo bo‘layotgan payt shu narsani ko‘rolmayapman. Shu narsani o‘tkazib yuboraman. Hozir kimnidir ayblashim xato. O‘zimda ayb. Noto‘g‘ri ishlar qilgan ekanman. Bitta kasb, bitta yaxshi hunar o‘rganib, el-yurtga foydasi tegadigan ish qilish kerak. Oilamning bag‘rida bo‘lganimda edi. Hozir shuncha yo‘l bosib meni ko‘rgani kelyaptilar. Qaniydi vaqtni orqaga qaytarish iloji bo‘lganda, halol mehnat qilib, oila bag‘rida bo‘lishni juda istardim. Hamma narsaga jazo muqarrar ekan. Qonunni bilib, shunga amal qilib yashash kerak”, deydi u.

Bekzodning aytishicha, hibsxonada tilla idishda osh yegandan ko‘ra oila bilan ko‘chada bir burda non yegan afzal.

“Hibsxonada mana 2 yildan oshiq o‘tiribman. Shuni tushunib yetdimki, hibsxonada osh yeb, idishing tilladan bo‘lganidan ko‘ra, ko‘chada oila davrasida bir burda non yeb yurganimiz ming marta afzal ekan.

Bu ko‘chadan, tashqaridan chiroyli ko‘rinadi, lekin ichiga kirganingizdan keyin afsus, kech bo‘lar ekan. Shuning uchun ming pushaymonman. Ota-onamdan, qarindoshlarimdan, mahallamdan, oilamdan, muhtaram Prezidentimizdan, rahbariyatdan, hammadan uzr so‘rayman. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Yoshlarga hozirgi kunda beradigan maslahatim – kelajakda to‘g‘ri yursa, poydevor bizlarga. Ularga maslahatim iloji boricha ota-onaning duosini olib, el-yurtning mahalla-ko‘yning xizmatida bo‘lib, yaxshi kasb-hunarlarning egasi bo‘lib, tillar o‘rganib, har xil davlatlar bilan, tashkilotlar bilan hamrohlikda birlashib, O‘zbekiston bayrog‘ini ko‘tarib, hammaga tanitib, sport bilan shug‘ullansin, xomxayollar qilmasdan. Hamma narsani qadrlasin”, deydi u.

Eslatib o‘tamiz, 2024 yilning iyul oyida jinoyat ishlari bo‘yicha Yunusobod tuman sudida “Baxti Tashkentskiy”ga oid ish bo‘yicha sud hukmi e’lon qilingandi. Sud hukmiga ko‘ra, Bekzod Zafarov 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni umumiy koloniyada o‘tash belgilangan. “Baxti Tashkentskiy”ning kichik o‘g‘li Ixtiyor Qudratullayev esa 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etilgan. Jazoni umumiy koloniyada o‘tash belgilangan. Qudratullayevning to‘ng‘ich o‘g‘li Bekzod Zafarov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi (tovlamachilik) 3-qismi “v” bandi, 168-moddasi (firibgarlik) 4-qismi “v” bandi bilan ayblanib qo‘lga olingan. Davlat ayblovchisi suddan Bekzod Qudratullayevni 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishni so‘ragan.

Oldinroq esa sud Baxtiyor Qudratullayevни 20 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, uning akasi Shuhrat Qudratullayevни 10 yil-u 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish, mazkur ish doirasida sudlanganlar orasidagi yagona ayol sudlanuvchi Nargiza Жuманиёзоvaни esa 4 yil-u 4 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosiga hukm qilgani xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

Baxti Tashkentskiy Bekzod Zafarov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing