Otabek Umarov Murod Xonto‘rayev vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi

Sport

image

Prezident Davlat xavfsizlik xizmati raisi o‘rinbosari, Osiyo Olimpiya Kengashi vitse-prezidenti, Markaziy Osiyo MMA Konfederatsiyasi rahbari Otabek Umarov “Osiyo ayig‘i” Murod Xonto‘rayevning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi. 

“Bugun, muqaddas ayyom arafasida o‘zbek sporti og‘ir judolikka duch keldi: do‘stimiz Murod Xonto‘rayev bevaqt vafot etdi. Yaqinlari o‘g‘lidan, turmush o‘rtog‘idan, otasidan ayrilishdi. Jangchilar ustozsiz qolishdi, MMA Assotsiatsiyasi yetakchilardan birini yo‘qotdi”, deb gap boshlaydi Otabek Umarov.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning kenja kuyovi Umarov ta’ziyanomasida Murod Xonto‘rayevga baho berarkan, uning mardlik va qatiyat namunasi bo‘lganini urg‘ulaydi:

“Millionlab odamlarning qalblaridagi kabi mening qalbimda ham sen mardlik va qat’iyatlik namunasi bo‘lib abadiy qolasan. Oz vaqt yashading, lekin ko‘plarni ilhomlantirishga muvaffaq bo‘lding. Qodir Alloh sabring uchun mukofotlasin, birodarim. Joying jannatda bo‘lsin, chempion!”

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vitse-prezidenti, 34 yashar Murod Xonto‘rayev kecha, 19 iyul kuni Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida yo‘l-transport hodisasiga uchrab, vafot etdi. 

YTH 19 iyul kuni soat 11:30 larda Bo‘stonliq tumani hududidan o‘tuvchi 4R-12 avtomobil yo‘lining 68-kilometrida sodir bo‘lgan. Bir yo‘nalishda harakatlanib ketayotgan Lacetti hamda BMW X5 rusumli avtomobillar ishtirokida to‘qnashuv sodir bo‘lgan. To‘qnashuv oqibatida BMW X5 rusumli avtomobil yo‘ldan chiqib ketib ag‘darilgan.

Oqibatda BMW X5 rusumli avtomobil haydovchisi, 1987 yilda tug‘ilgan M.X. voqea joyida vafot etgan va ushbu avtomobil yo‘lovchisi tan jarohati bilan shifoxonaga olib ketilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Bo‘stonliq tumani IIB huzuridagi TB tomonidan dastlabki surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Otabek Umarov Murod Xonto'raev

Baholaganlar

1235

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing