Ostonada Turkiy davlatlar tashkiloti muftiylari yig‘ildi
Olam
−
03 Oktabr
5201Bugun, 3 oktyabr kuni Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti muftiylar hay’atining V yig‘ilishi boshlandi. Bu haqda “Muftyat.kz” xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchrashuvda Qozog‘iston musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Naurizbay Tag‘anuli, Turkiya Din ishlari boshqarmasi raisi Ali Erbash, Kavkaz musulmonlari diniy boshqarmasi raisi Allahshukur Pashazade, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi Nuriddin Xoliqnazarov, Qirg‘iziston musulmonlari idorasi raisi Abdulaziz Zokirov, shuningdek, Turkiy davlatlar tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari Mirvohid Azimov va boshqa diniy ulamolar, imomlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.
Bildirilishicha, yig‘ilish davomida “Islom mahalliy aholi an’analarini qo‘llab-quvvatlaydi” va “Fatvo berish bo‘yicha fiqh maktabi qoidalari” kabi hujjatlar qabul qilinadi.
Shuningdek, bugun, 3 oktyabr kuni “Hoja Ahmad Yassaviy va uning ma’naviy merosi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonida eng nufuzli tashkilot hisoblangan Islom olami uyushmasi Oliy kengashining 46-yig‘ilishida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarov Islom olami uyushmasi Oliy kengashi a’zoligiga qabul qilingan edi.
LiveBarchasi