Qozog‘iston osmonida uchar taksi ilk bor yo‘lovchi tashidi (video)
Olam
−
10:57 775 2 daqiqa
Qozog‘iston poytaxti Ostona shahrida yo‘lovchi bilan uchuvchisiz havo kemasining namoyishkorona parvozi amalga oshirildi. Bu Qozog‘iston tarixida yo‘lovchi bilan amalga oshirilgan ilk uchuvchisiz havo kemasining parvozi bo‘ldi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Transport vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, EH216-S rusumli elektr havo kemasi vertikal ravishda parvoz va qo‘nish imkoniyatiga ega. U ikki nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, soatiga 130 kilometrgacha tezlikda harakatlana oladi va 35 kilometrgacha masofani bosib o‘tishi mumkin.

Mazkur texnologiyadan shoshilinch tibbiy yordam ko‘rsatish, dori-darmon yetkazib berish, yong‘inlarni o‘chirish, logistika va tezkorlik talab etiladigan boshqa sohalarda foydalanish mumkin.
“Dastlab tabiiy, madaniy va tarixiy ob’ektlar ustidan 5 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etadigan namoyish va sayyohlik yo‘nalishlarini tashkil etish rejalashtirilmoqda”, deyiladi xabarda.
Kelgusida uchuvchisiz yo‘lovchi havo tizimlarini Qozog‘istonning zamonaviy transport infratuzilmasiga integratsiya qilish, ularni mavjud transport vositalarini to‘ldiruvchi yangi harakatlanish vositasiga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, bunday havo kemalarini Qozog‘istonda ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘zda tutilgan. Bu yuqori texnologiyali mashinasozlik sohasida yangi kompetensiyalarni shakllantirish, ish o‘rinlari yaratish va sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Qozog‘iston Transport vazirligi manfaatdor davlat organlari bilan birgalikda shahar havo harakatini joriy etish uchun zarur huquqiy va infratuzilmaviy bazani yaratish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Qayd etilishicha, eVTOL havo kemalaridan foydalanish, vertiportlar faoliyati hamda uchuvchisiz havo harakatini boshqarish tizimlarini tartibga soluvchi qonunchilikka zarur o‘zgartishlar kiritilgan. Bu yangi texnologiyalarni mamlakat transport tizimiga xavfsiz integratsiya qilish uchun huquqiy asos yaratadi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 24 iyul kuni Qozog‘iston poytaxti Ostonada ilk bor vertikal uchish va qo‘nish imkoniyatiga ega (eVTOL) elektr havo kemasi bazasida yo‘lovchi aerotaksisining namoyish parvozi bo‘lib o‘tgan edi.
Live
Barchasi