Qozog‘iston tarixda ilk bor yevrokubok finaliga mezbonlik qiladi
Sport
−
17:01 464 2 daqiqa
UEFA Ijroiya qo‘mitasi Ostonadagi “Astana Arena” stadionini 2028 yilgi UEFA Superkubogi o‘tkaziladigan maydon sifatida tasdiqladi. Bu haqda UEFA matbuot xizmati xabar berdi.
Shu tariqa, 2028 yil avgust oyida qozog‘istonlik muxlislar mamlakat poytaxtida Chempionlar ligasi g‘olibi va Yevropa ligasi g‘olibi o‘rtasidagi bahsni tomosha qilish imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, mazkur uchrashuv UEFA homiyligidagi eng sharqiy sovrin uchun bahs bo‘ladi.
Bunga qadar ushbu maqom 2019 yilda “Chelsi” va “Arsenal” o‘rtasidagi Yevropa ligasi finaliga mezbonlik qilgan Baku shahriga tegishli edi.
UEFA Superkubogi mezboni sifatida Ostona tanlanganidan tashqari, 2028 yilgi yevrokubok finallari o‘tkaziladigan stadionlar ham tasdiqlandi. Chempionlar ligasi finali Myunxendagi “Alyans Arena”da, Yevropa ligasi finali esa Buxarestdagi Milliy stadionda bo‘lib o‘tadi.
2009 yilda qurilgan “Astana Arena” uchun bu tarixdagi eng nufuzli uchrashuv bo‘ladi. Ushbu stadionda avval “Astana” ishtirokidagi Chempionlar ligasi guruh bosqichi o‘yinlari, shuningdek, Qozog‘iston milliy terma jamoasining bahslari o‘tkazilgan.
Ma’lumot uchun, 1998 yildan 2012 yilgacha UEFA Superkubogi Monakodagi “Lui II” stadionida muntazam o‘tkazilgan. 2013 yildan esa UEFA ushbu uchrashuvga mezbonlik qilish huquqini Yevropaning turli shaharlariga taqsimlab kelmoqda. Qozog‘iston 2028 yilgi bahs bilan UEFA Superkubogiga mezbonlik qilgan 16-mamlakatga aylanadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Barselona” jamoasining uy stadioni hisoblanadigan “Kamp Nou” 2029 yilgi Chempionlar ligasi finalini qabul qilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi