“Oskar”dan so‘ng ta’na-dashnomlar ostida qolgan Uill Smit katta ekranlarga qaytdi

Madaniyat-san’at

image

Amerikalik aktyor Uill Smit ijrosidagi “Ozodlik” filmi kecha, 9 dekabr kuni “Apple TV+” platformasida namoyish etildi. E’tiborlisi, ushbu film 2022 yil hisobidan aktyor ishtirokidagi dastlabki kino loyiha bo‘ldi.

Ommaning nafratiga uchragan aktyorni yangi filmlarga jalb etish rejissyor va prodyuserlar uchun katta tavakkal edi. Yetmaganiga 2022 yilning may oyida premerasi kutilgan “Ozodlik” filmining taqdimot sanasi ham ortga surilgan edi. Nihoyat shov-shuvlar biroz tarqaganidan so‘ng kartina 9 dekabr kuni “Apple TV+” platformasida taqdim etildi. E’tiborlisi, Apple kompaniyasi filmni namoyish etish huquqi uchun Warner Bros. va Universal Pictures kabi gigant kompaniyalar bilan raqobatda yutib chiqqan. Bu loyiha Apple uchun 130 million AQSH dollariga tushgan.

Real voqealarga asoslangan kinofilm 1863 yilda AQSHning Luiziana shtatidagi plantatsiyadan azoblarga chidolmasdan qochib ketgan afroamerikalik Gordon ismli qulning hayoti haqida hikoya qiladi. “Ozodlik” kinofilmida ushbu qahramon nomi Piter bo‘lib, uning qiyofasini aktyor Uill Smit gavdalantirgan.

Shuningdek, filmda Ben Foster, Charmeyn Bingva, Gilbert Ovuor va Mustafo Shokir kabi aktyorlar rol ijro etgan. Kartina rejissyori – Antuan Fukua.

Avvalroq, joriy yilning 27 mart kuni “Oskar” mukofotini topshirish marosimida Uill Smit uning bemor rafiqasi, aktrisa Jada Pinkett-Smitning ustidan kulgan boshlovchi Kris Rokka sahnada tarsaki tushirgan edi. Shundan so‘ng aktyor jamoatchilikning tanqidiga duchor bo‘lishi oqibatida, Amerika kino akademiyasidan ketgan va 10 yil davomida “Oskar” taqdimotida qatnasholmasligi ma’lum qilingan edi.

Ma’lumot o‘rnida, Uill Smit 1968 yilning 25 sentyabr kuni AQSHning Filadelfiya shahrida tug‘ilgan. 1986 yildan ijodiy faoliyatini boshlagan Smit o‘zini aktyor, prodyuser, rejissyor va reper sifatida sinab ko‘rgan. “Oskar” mukofotining aynan shov-shuvlarga sabab bo‘lgan 2022 yilgi taqdirlash marosimida aktyor “Qirol Richard” dramasidagi roli uchun “Eng yaxshi aktyor” nominatsiyasida g‘olib deb topilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozodlik Oskar Uill Smit

Baholaganlar

236

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing