Orolni qisman tiklash uchun $9,7 mlrd ketadi – tadqiqot

Jamiyat

image

Bir vaqtlar atmosferadagi karbonat angidridni o‘zida saqlagan Orol dengizi qurib ketgach, aksincha, havoga katta miqdorda CO₂ chiqaradigan hududga aylandi. Tadqiqotga ko‘ra, 1960 yillardan 2022 yilgacha Orolning qurib ketgan tubidan atmosferaga 748 million tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqarilgan. Bu haqda “National Geographic” xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Ispaniya boshchiligidagi xalqaro tadqiqotchilar guruhi Orol dengizi qurishi natijasida uning tubida ilgari to‘plangan uglerod bilan nimalar sodir bo‘lganini o‘rgangan. Tadqiqot doirasida olimlar 2022 yilda Orolning qurib ketgan tubida ekspeditsiya o‘tkazib, turli nuqtalardan namuna olgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, suv havzalari tubidagi cho‘kindilar katta miqdordagi uglerodni saqlaydi. Suv mavjud bo‘lgan davrda suv o‘tlari va o‘simliklar atmosferadagi karbonat angidridni o‘zlashtiradi. Ular nobud bo‘lgach, tarkibidagi organik moddalar suv havzasi tubiga cho‘kib, uglerod shaklida saqlanib qoladi. Biroq ko‘l yoki dengiz qurib qolganida ushbu organik moddalar parchalanib, ulardagi karbonat angidrid atmosferaga chiqadi.

Tadqiqotchilar Orolning qurib ketgan tubidagi 14 nuqtadan cho‘kindi namunalari olgan. Shuningdek, hududdan atmosferaga qancha karbonat angidrid chiqayotganini va uning tarkibini o‘rgangan. Natijalar chiqindilar aynan avval Orol tubida to‘plangan organik moddalardan kelib chiqayotganini tasdiqlagan.

Hisob-kitoblarga ko‘ra, Orol dengizi qurishi boshlanganidan buyon uning tubidan atmosferaga 748 million tonnadan ortiq karbonat angidrid chiqarilgan. Bu hozirgi O‘zbekiston uchun ham jiddiy ekologik muammo bo‘lib, Orol tubining iqlimga ta’siri qurish jarayoni bilan tugamaganini ko‘rsatadi.

Tadqiqot davomida Orol tubidagi cho‘kindilarda hali ham atmosferaga chiqishi mumkin bo‘lgan 605 million tonna karbonat angidridga teng miqdordagi organik uglerod mavjudligi aniqlangan. Olimlar ushbu uglerodning atmosferaga chiqishini to‘xtatish Orolbo‘yi hududining ekologik holatini yaxshilashi bilan birga, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashga ham hissa qo‘shishi mumkinligini qayd etgan.

Tadqiqotchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, Orolga suv qaytarish loyihasi doirasida oldi olingan chiqindilar uchun karbon-kreditlaridan 3,6 milliard dollardan 18 milliard dollargacha mablag‘ jalb qilish imkoniyati mavjud. Bu mablag‘lar Orolni tiklash loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirilishi mumkin.

Avvalgi tadqiqotlarda Orol dengizining suv bilan qoplangan maydonini qayta kengaytirish imkoniyatlari ham o‘rganilgan. Buning uchun Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi davlatlarning hamkorligi, sug‘orish tizimlarini modernizatsiya qilish va suvdan foydalanish samaradorligini oshirish talab etiladi. 1960 yilda suv bilan qoplangan Orol hududining kamida yarmini qayta tiklash uchun zarur infratuzilmaviy o‘zgarishlar taxminan 9,7 milliard dollarga tushishi tahmin qilingan.

Biroq mutaxassislar butun Orol dengizini avvalgi holatiga qaytarish hozircha siyosiy, ijtimoiy va texnik jihatdan nihoyatda murakkab vazifa ekanini ta’kidlamoqda.

Olimlarning fikricha, Orol muammosi alohida holat emas. Dunyoning boshqa hududlarida qurib borayotgan ko‘llar tubida ham katta miqdordagi uglerod mavjud bo‘lib, ularning qurishi atmosferaga qo‘shimcha issiqxona gazlari chiqishiga sabab bo‘lishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kaspiy dengizida suv sathi yiliga 10-20 santimetrga pasayib, so‘nggi 200 yildagi eng past darajaga tushgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing