Orqaga yo‘l xohlasak ham yo‘q, buning uchun faqat internetni o‘chirib qo‘yishimiz kerak – Allamjonov
Jamiyat
−
20 dekabr 2019
9683O‘zbekistonda matbuot erkinligining umri qancha? So‘z erkinlining chegarasi-chi? Hozirgi Hukumat qachongacha OAVga toqat bilan siyosat yuritadi? OAVga nisbatan kuchli va murosasiz senzura yana vujudga keladimi? O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Komiljon Allamjonov oxirgi vaqtlar kun tartibida turgan ushbu masalaga aniqlik kiritdi.
“Nimagadir oxirgi paytlarda juda ko‘p shunday shubhali savollar bor: bu vaqtinchalik holatm? Internet bor ekan, bu yo‘ldan orqaga qaytishning iloji yo‘q. Bu xohishga bog‘liq emas. Biz faqatgina shu sharoitga moslashishimiz kerak. Va bugungi internet asrida, ijtimoiy tarmoqlar rivojlangan bir paytda biz faqat u bilan ishlashni o‘rgana olibgina hayot kechirishimiz mumkin”, deydi Allamjonov.
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori so‘zida davom etarkan, bugun senzura, so‘z va matbuot erkinligiga g‘ov bo‘lish faqat va faqat zarar keltirishini, O‘zbekistonning bugungi rahbariyati esa buni istamasligini ifoda etishga urinadi.
“Bu – bugungi talab. Boshqacha yo‘lning iloji ham yo‘q. O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari, blogerlar bo‘lmasin deylik yoki nazorat qattiq ushlab turildi, senzura qilindi, umuman, yopib qo‘yildi yoki bo‘g‘ib qo‘yildi deylik... Bundan kim yutadi? Hozirgi texnika va internet asrida jamiyatni boshqa axborot bosib ketadi. Mish-mish ko‘payadi. Bizga do‘st bo‘lmagan, daryoning narigi betidagi, atayin buzg‘unchilik ruhidagi axborot kampaniyalarini olib borayotgan OAV “rahmat, O‘zbekiston Hukumatiga, bizning raqobatchilarimizdan yo‘llarimizni ochib berdinglar”... Axborot maydonida bitta odamning ovozi baland eshitiladimi yoki shovqin bo‘lsami? Albatta, bitta odamning. Ular qancha kam bo‘lsa, shuncha ta’sirchanlik kuchi yuqori bo‘ladi. Aytmoqchimanki, bugun orqaga yo‘l bor-yo‘qligini biz belgilamaymiz. Bu – bugungi davr talabi. Orqaga yo‘l xohlasak ham yo‘q, buning uchun faqat internetni o‘chirib qo‘yishimiz kerak. Faqat shundagina biz o‘z yo‘limizdan to‘xtashimiz mumkin”.
2018 yilning to‘rtinchi choragida O‘zbekistonda Facebook ijtimoiy tarmog‘i qatorida bir necha ko‘zga ko‘ringan internet nashrlar, jumladan QALAMPIR.UZ’ga ham kirib bo‘lmay qoldi. Internet OAV bilan bog‘liq masala 10 kunda o‘z yechimini topdi. Biroq, Facebook’ning qulfi anchagacha ochilmadi. Odamlar, hatto, Hukumat vakillari ham Facebook’ga kirishni to‘xtatgani yo‘q, aksincha, undan VPN orqali foydalanishni o‘rgandi. Vaqti-vaqti bilan bu dastur har qaysi qulfni ochib kirish imkoniyatiga ega ekani ayon bo‘ldi. Bu esa cheklovdanda ko‘ra ko‘proq xavf tug‘dirgan edi. Allamjonov nutqida davom etarkan, o‘sha vaqealarni yodga oladi.
“Mana, to‘xtatib ham ko‘rdik. Facebook va YouTube bilan bog‘liq muammolar bo‘ldi. Nima bo‘ldi? Mana, zalda o‘tirganlar aytsin, odamlar Facebook’ga kirishni to‘xtatib qo‘ydimi? Yo YouTube’ga kirishni to‘xtatib qo‘ydimi? Yo‘q, VPN paydo bo‘ldi va odamlar shu dasturni ishlatishni boshladi. Bu orqali yopib qo‘yilgan, taqiqlangan “hudud”larni sakrab o‘tishni boshladi. Hammaga, hamkasblarimga, davlat boshqaruv organlari rahbarlari tushuntiramizki, orqaga yo‘l yo‘q. Prezidentimiz bu narsani tushunib aytyaptilarki, orqaga yo‘l yo‘q. Tanlagan yo‘limiz shu va endi faqat shu yo‘lda to‘g‘ri ishlashni o‘rganishimiz kerak. Qonunlarni ishlatishimiz kerak, madaniyatni shakllantirishimiz kerak, boshqa iloji yo‘q”.
Allamjonovning qayd etishicha, O‘zbekistonda so‘z va matbuot erkinligiga to‘siq qo‘yilishi ehtimoli mavjud emas. “Bizning agentligimiz bor ekan, bu narsaga biz yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi mulozim.
LiveBarchasi