Orban Vengriya parlamentini tark etdi

Olam

image

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban Vengriya parlamentidagi deputatlik mandatidan voz kechishini ma’lum qildi. U bu qarorini 25 aprel kuni ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Vengriya Bosh vaziri lavozimidan ketayotgan Orban parlament saylovlarida uning partiyasi Vengriya fuqarolik ittifoqi mag‘lub bo‘lgach, yangi chaqiriq parlament ishida qatnashmaslikka qaror qilgan. Unga ko‘ra, deputatlik mandati aslida partiyaga tegishli bo‘lgani sababli undan voz kechgan va endi asosiy e’tiborini siyosiy harakatni qayta tashkil etishga qaratmoqchi.

Orban shuningdek, parlamentdagi “Fides” – Xristian-demokratlar fraksiyasiga yangi rahbar tayinlanishini aytgan. Shu bilan birga, Orban partiya raisi sifatida qolish niyatida ekanini bildirib, bu masala iyun oyidagi partiya qurultoyida ko‘rib chiqilishini aytgan.

Parlament saylovlarida g‘alaba qozongan “Tisa” partiyasi yetakchisi Peter Madyar 9 may kuni Bosh vazir lavozimini egallashi kutilmoqda. U Orban davrida qabul qilingan ayrim tashqi siyosiy qarorlarni qayta ko‘rib chiqishini bildirgan.

Xususan, Madyar Vengriyaning Xalqaro jinoiy suddan chiqish jarayonini to‘xtatishini aytgan. Bu jarayon ilgari Binyamin Netanyaxuning Vengriyaga tashrifi bilan bog‘liq qarorlar fonida boshlangan edi. Shuningdek, u Yevropa Ittifoqining Ukrainaga kredit ajratishi va Rossiyaga qarshi sanksiyalar bo‘yicha pozitsiyani ham o‘zgartirish niyatida.

Orban esa o‘zining Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan yaqin munosabatlari bilan tanilgan. Saylovlardan so‘ng Kreml vakili Dmitriy Peskov yangi hukumat bilan ham pragmatik aloqalar davom etishiga umid bildirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Viktor Orban Vengriya Peter Mad'yar Fides

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing