Orban Ukrainaga jiddiy ayblov qo‘ydi
Olam
−
14 may
12159Ukraina maxsus xizmatlari mamlakatda Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilishi bo‘yicha referendum o‘tkazilmasligi uchun Vengriyaga qarshi operatsiya boshladi. Bunday ayblov bilan Bosh vaziri Viktor Orban kecha, 13 may kuni milliy televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda chiqish qildi.
Orban xorijiy razvedka xizmatlari tahdidi yuzasidan kecha, 13 may kuni Mudofaa kengashini chaqirganini aytdi.
“Men uni chaqirdim, chunki so‘nggi kunlarda Vengriyaga nisbatan maxfiy xizmatlarning misli ko‘rilmagan hujumi uyushtirildi. Ukraina bizning Yevropa Ittifoqiga a’zolik bo‘yicha ovoz berish tashabbusimizga to‘sqinlik qilish uchun Vengriyaga qarshi muvofiqlashtirilgan tuhmat kampaniyasini boshladi.
Mudofaa kengashi yig‘ilishi, shuningdek, ukrainaliklar nafaqat bu harakatni amalga oshirishga uringanini, balki Vengriya muxolifati yordamida Vengriya Qurolli kuchlariga hujum uyushtirganini ham ko‘rsatdi. Vengriya muxolifat partiyasi faoliyati Ukraina maxsus xizmatlari tomonidan o‘tkazilayotgan operatsiyada ishtirok etgan – bunday ish oldin hech qachon sodir bo‘lmagan”, dedi Bosh vazir “Tisa” partiyasini nazarda tutib.
Qayd etish joiz, “Tisa” partiyasi rahbari, Yevroparlament deputati Piter Madyar yaqinda Vengriya hukumati tinchlik haqida gapirayotgan bir paytda, Vengriya armiyasi go‘yoki urushga tayyorlanayotganini aytgandi. Bryusselda qo‘llab-quvvatlayotgan Madyarning bayonotlari Budapeshtdagi rasmiylar tomonidan darhol rad etildi.
Biroq Vengriya hukumati Ukrainadan ham, ichki muxolifatdan ham bunday harakatlar davom etishini kutmoqda.
“Vengriya maxfiy xizmatlari bunga tayyor”, deb ogohlantirdi Orban.
U, shuningdek, referendumning oldini olishga urinishlarga qaramay, u bo‘lib o‘tishi va mamlakat fuqarolari Ukrainaning YeIga qabul qilinishi masalasi bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirishlari mumkinligini ta’kidladi.
“Ovoz berish bo‘lib o‘tadi, chunki na Bryussel, na Kiyev bu masalani biz uchun hal qila olmaydi”, dedi Bosh vazir.
So‘nggi kunlarda Vengriya va Ukraina o‘rtasida misli ko‘rilmagan josuslik mojarosi avj oldi. 9 may kuni Ukraina xavfsizlik xizmati Vengriya harbiy razvedkasi uchun ishlaganlikda ayblab, ikki kishi hibsga olinganini e’lon qildi.
Shundan so‘ng Vengriya Ukrainaning Budapeshtdagi elchixonasining ikki da diplomatini ayg‘oqchilikda ayblab, mamlakatdan chiqarib yubordi, Ukraina esa bunga javoban ikki venger diplomatini Kiyevdan chiqarib yubordi.
LiveBarchasi