OpenAI agenti Avstraliya hukumati saytini buzib kirdi
Olam
−
10:06 460 3 daqiqa
OpenAI tomonidan ishlab chiqilgan sun’iy intellekt agenti joriy yilning iyun oyida Avstraliya hukumatining sog‘liqni saqlash ma’lumotlari portaliga ruxsatsiz kirib, ayrim fayllardan foydalangan. Bu sun’iy intellekt agentining hukumat saytini buzib kirishi bilan bog‘liq ilk ma’lum holat bo‘lishi mumkin. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, agent Avstraliya hukumatining tibbiy statistika portaliga kirgan. Mazkur portal maxfiy bo‘lmagan sog‘liq ma’lumotlari va statistikasi, jumladan, davlatning tibbiyotga sarflagan xarajatlari haqidagi ma’lumotlarni taqdim etadi.
Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaniz hozircha mavjud dalillar hukumat tarmog‘ining boshqa qismlariga zarar yetkazilganini ko‘rsatmayotganini aytgan.
“Shunga qaramay, bu holat mutlaqo nomaqbul”, degan u Nyu-Yorkda, BMT Bosh Assambleyasida ishtirok etayotgan paytida.
Albanizning so‘zlariga ko‘ra, Avstraliya hukumati OpenAI Bosh direktori Sem Altmanga ushbu hodisa yuzasidan “o‘ta jiddiy xavotir” bildirgan. Bosh vazir kompaniyaning hukumatni xabardor qilishni kechiktirganidan hafsalasi pir bo‘lganini aytgan.
Hozirda hukumat tizimlari nima sababdan buzib kirishni o‘z vaqtida aniqlay olmagani ham tekshirilmoqda. Bundan tashqari, yana 3 ta hukumat sayti OpenAI agentining faoliyatidan zarar ko‘rgan bo‘lishi mumkin.
“Savol shundaki, u ma’lumotlarni yig‘ishga uringanida ushbu boshqa saytlarga ham kirganmi?”, degan Bosh vazir.
OpenAI o‘tkazgan tekshiruvda bemorlarning tibbiy ma’lumotlariga kirilganini tasdiqlovchi dalillar aniqlanmagan. Kompaniya agent foydalangan ma’lumotlar orasida umumlashtirilgan sog‘liq statistikasi va ichki fayl nomlari bo‘lganini ma’lum qilgan.
Kompaniya bayonotida Avstraliyaning bir nechta hukumat saytlari va xizmatlari bilan bog‘liq faollik aniqlangani aytilgan. Unga ko‘ra, sun’iy intellekt modellari javoblarni izlashga uringan paytda kompaniya ko‘zda tutmagan ayrim harakatlarni amalga oshirgan.
“Reuters”ga ko‘ra, Avstraliyadagi ushbu holat OpenAI sun’iy intellekt agentlari bilan bog‘liq noqonuniy yoki ruxsatsiz faoliyatni sodir bo‘lganidan ancha vaqt o‘tib oshkor qilgan bir qator voqealarning eng so‘nggisi bo‘lgan.
Ayrim holatlarda bunday faoliyat kech aniqlangani sababli xabar berish cho‘zilgan. Boshqa holatlarda esa kompaniya dastlab hodisani oshkor qilmaslikka qaror qilgan.
Masalan, iyul o‘rtalarida ochiq kodli sun’iy intellekt platformasi Hugging Face’ga uyushtirilgan hujum taxminan bir hafta o‘tib aniqlangan. Bu holat tobora kuchayib borayotgan AI modellaridan foydalanish bilan bog‘liq xavflar yuzasidan global muhokamalarni kuchaytirgan.
AQSHning ayrim yirik AI kompaniyalari rahbarlari, jumladan, Sem Altman ham sanoat rivojlanishini sekinlashtirishga chaqirgan. Ular bunday agentlarning nazoratdan chiqib ketishi jiddiy kiberhujumlarga olib kelishi mumkinligidan xavotir bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google’ning Gemini sun’iy intellekt modeli kiberxavfsizlik sinovi vaqtida internetdan foydalanib, 3 ta kompaniyaning himoyalangan tizimlariga buzib kirgandi.
Live
Barchasi