“Open budget” bo‘yicha noqonuniy reklama qilgan vaynerlar ogohlantirildi
3-sahifa
−
28 iyul 4116 3 daqiqa
“Tashabbusli byudjet”da pul evaziga ovoz berishni reklama qilgan ayrim blogerlarga ogohlantirish berildi. Bu haqda Raqobat qo‘mitasi xabar berdi.
Qo‘mita ma’lumotiga ko‘ra, o‘rganishlar davomida ayrim taniqli blogerlar uchinchi shaxslar manfaatini ko‘zlab, norasmiy botlar orqali ma’lum haq evaziga ovoz berish mumkinligi haqidagi reklamalarni tarqatgani aniqlangan. Reklamalarda “rasmiy” degan so‘zlar hamda “Ochiq byudjet” portalining logotipiga o‘xshash belgilar qo‘llanilgani fuqarolarni adashtirish ehtimolini oshirgani qayd etilgan.
Xususan, o‘tkazilgan monitoringlar natijasida utkir_shodmonov (O‘tkir Shodmonov), Mominlive.1 (Abdurasul Ibrohimov), Aslbek_emir (Asilbek Amirov) va jasjannew (Jasur Shodiyev) kabi blogerlar norasmiy botlar orqali pul evaziga ovoz berish mumkinligi haqida reklama tarqatgani aniqlangan. Ularga ogohlantirish va tushuntirishlar berilgan, shuningdek, mazkur reklamalar olib tashlangan.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi fuqarolarni “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan noqonuniy reklamalarga ishonmaslikka chaqirgan.
Ma’lum qilinmshicha, “Tashabbusli byudjet” loyihasi fuqarolarning byudjet jarayonlarida ishtirokini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Loyiha doirasida aholi o‘z hududidagi ijtimoiy muammolarni hal etishga qaratilgan tashabbuslarni ilgari surishi va ular uchun ovoz berishda qatnashishi mumkin. Bunda ovoz berish mutlaqo ixtiyoriy bo‘lib, buning uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi va moddiy rag‘batlantirish nazarda tutilmagan.
Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda norasmiy Telegram-botlar orqali “Tashabbusli byudjet” loyihasida ovoz berish evaziga pul mukofoti va’da qilinayotgan holatlar ko‘paygan. Qo‘mita bunday e’lonlar fuqarolarni chalg‘itishi, loyiha shaffofligiga putur yetkazishi va turli bahs-munozaralarga sabab bo‘lishi mumkinligini bildirgan.
Shu munosabat bilan Raqobat qo‘mitasi fuqarolarga bir qator muhim eslatmalarni bergan. Unga ko‘ra:
- “Tashabbusli byudjet” loyihasida ovoz berish faqat “Ochiq byudjet” axborot portali, uning Android va iOS mobil ilovalari hamda Telegram’dagi rasmiy bot orqali amalga oshiriladi;
- amaldagi tartibga ko‘ra, berilgan ovozlar uchun hech qanday to‘lov undirilmaydi, shuningdek, ovoz bergan fuqarolarga moddiy rag‘batlantirish berilmaydi;
- norasmiy botlardan foydalanish yoki ular orqali tarqatilayotgan ma’lumotlarga ishonish jarayonning qonuniyligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi va huquqiy oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Raqobat qo‘mitasi fuqarolarni “Tashabbusli byudjet” jarayonida faqat rasmiy manbalarga ishonishga, turli norasmiy takliflarga aldanmaslikka hamda shunday holatlarga duch kelganda tegishli idoralarga xabar berishga chaqirgan.
Shuningdek, qo‘mita “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida qonunchilik talablariga rioya etilishi ustidan tizimli monitoringlar davom ettirilishini, norasmiy botlar, pul evaziga ovoz berish yoki fuqarolarni chalg‘ituvchi reklama holatlari aniqlansa, vakolat doirasida tegishli choralar ko‘rilishini qayd etgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 15 iyulidan boshlab 3 avgustiga qadar tashabbuskor fuqarolar o‘z hududlarini rivojlantirishga qaratilgan taklif va loyihalarini Openbudget.uz portali orqali taqdim etishlari mumkinligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi