OPEC+ neft qazib olishni qisqartirishga kelishib oldi
Olam
−
06 Oktabr 2022
6811OPEC+ vazirlar monitoring qo‘mitasi neft qazib olishni kuniga ikki million barrelga qisqartirishga kelishib oldi. Bu haqda “Reuters” agentligi uchta manbaga tayanib xabar bermoqda.
Shu fonda London fond birjasida Brent neftining narxi o‘sishni boshladi va bir barrel uchun 93 dollardan oshdi.
OPEC+ axborotida aytilishicha, ikki million barrelga qisqartirish haqiqiy ishlab chiqarish emas, balki kvotalar hisobidan amalga oshiriladi. Rossiya Bosh vaziri o‘rinbosari Aleksandr Novak Rossiyaning kvotasi kuniga 11 million barreldan 10,5 million barrelgacha kamaytirilishini aytdi.
“Bloomberg” agentligiga ko‘ra, 5 oktyabr kuni Venada bo‘lib o‘tgan OPEC a’zolari va boshqa ishlab chiqaruvchilarning kengaytirilgan yig‘ilishi ishtirokchilari neft qazib olishni kamaytirishning boshqa variantlarini – kuniga bir million va 1,5 million barrelga qisqartirishni ham muhokama qilishdi, biroq yakunda maksimal qisqartirishga kelishib oldilar.
Manbalarning CNN’ga aytishicha, AQSH neft qazib olishni qisqartirish istiqboliga “butunlay falokat” sifatida qarab, Yaqin Sharqdagi ittifoqchilarini ishlab chiqarishni qisqartirish uchun ovoz berishdan qaytarishga uringan. “Financial Times” tahlilchilariga ko‘ra, neft narxining keskin oshishiga turtki bo‘layotgan ishlab chiqarishni qisqartirish urush davrida Rossiyaning neft daromadlarini cheklamoqchi bo‘lgan AQSH tomonidan javob choralarini keltirib chiqaradi.
LiveBarchasi