Onlayn qimor o‘ynovchilar ham javobgarlikka tortiladi – Davletov
Jamiyat
−
07 fevral 2022
23170Onlayn tarzda qimor (totalizator – tahr.) o‘ynovchilar ham ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Bu haqda bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov matbuot anjumanida ma’lum qildi.
“Qimor masalasi jamiyatning katta muammosiga aylanmoqda. Hozir bu borada onlayn muammoga duch kelamiz. Bloklash qanchalik bizning qo‘limizdan keladi? Bloklasak, VPN orqali ulanish mumkinmi, yo‘qmi? Albatta, ulanish mumkin. Lekin ularning hammasining resursi chet elda joylashgan. Texnik nuqtai nazardan juda qiyin. Serverlar O‘zbekistonda bo‘lsin deysiz, lekin buning imkoniyati yo‘q-ku. Katta-katta davlatlar serverlarini o‘z davlatiga keltira olmayapti. Shuning uchun biz bu sohani juda qattiq nazorat qilish tarafdorimiz”, deydi Davletov.
Shuningdek, u so‘zi davomida onlayn tarzda qimor o‘ynovchilar ham qonun oldida birdek javobgar ekanini urg‘uladi.
“Qimor o‘ynovchilar ma’muriy javobgarlikka tortiladi. Onlayn qimorning xatti-harakati ham xuddi shunday. Tavakkalchilikka asoslangan holda, pul qo‘yib, o‘ynaladi. Bunga ham javobgarlik bor”, deydi Adliya vaziri.
Shu o‘rinda, jurnalistlardan biri Davletovdan “IT sohasidagi odamlar bilan gaplashganimda, “Bank orqali bu o‘yinlarni bloklasa bo‘ladi”, degan edi. Onlayn qimorni butunlay cheklashning iloji yo‘qmi”, deb so‘radi.
“Bu jarayon taqiqlangan va cheklangan. Faqat qattiqroq nazorat qilish kerak. To‘g‘risi, men bu yerda texnik nuqtai nazaridan aniq tasavvurga ega emasman. Lekin nazorat kuchaytirilishi kerak. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri bizning yo‘nalish emas, lekin bu bo‘yicha o‘rganib taklif beramiz”, deb javob qildi vazir.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 15 noyabr kuni Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida yosh yigit “1Xbet”da 16 mln so‘m yutqazib qo‘yib, o‘z joniga qasd qilgan edi.
LiveBarchasi