Davlat siyosatini hokimlar emas, vazirlar yuritadi – Davletov O‘zbekistonda vazirliklar ko‘payib ketgani haqida

Jamiyat

O‘zbekistonda 95 ta davlat boshqaruv organi bor. Gap vazirliklar sonida emas, ishlash uslubida. Birorta odam mavzuni ichiga kirib tahlil qilmaydi. Bizda fundamental tahlillar yetishmaydi. Bu haqda Adliya vaziri Ruslanbek Davletov, 7 fevral kuni jamoatchilik vakillari uchun o‘tkazilgan Matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

"O‘zbekistondagi eng katta masalalardan biri bu davlat boshqaruvi, ma’muriy masalalar. Jamoatchilik vakillari va ekspertlar bizda vazirliklar ko‘pligi haqida gapiradi. Ayni shu masalani tahlil qildik va dastlabki xulosalarni aytib o‘tmoqchiman.

O‘zbekistonda 95 ta davlat boshqaruv organi bor. 24 ta vazirlik, 34 ta agentlik, 9 ta davlat qo‘mitasi, 6 ta qo‘mita, 4 ta markaz, 15 ta inspeksiya, 1 ta xizmat,1 ta komissiya, 1 ta palata ham bor. So‘ngi 4-5 yilni oladigan bo‘lsak, 2016 – 2017 yillarda 48 ta bo‘lgan davlat organi hozir 95 taga aylanyapti. Organ soni 91 foizga oshyapti. Sohalar haqida hamma umumiy gapiradi. Birorta odam mavzuni ichiga kirib tahlil qilmaydi. Bizda fundamental tahlillar yetishmaydi. Vazirliklar ko‘pligiga Shveysariyada 7 ta vazir borligini misol qilishadi. Gap vazirliklar sonida emas, ishlash uslubida. Siz eskicha ishlasangiz, tuzilmangizni yangilasangiz ham foydasi yo‘q. Byurokratiyaga yo‘l qo‘yilsa, majlislar bo‘laversa, mehnat unumdorligi past bo‘lsa, unda qiyin”, deydi vazir.

Davletov so‘zida davom etarkan, O‘zbekistonda vazirlik tizimiga biriktirilgan tashkilotlar ko‘pligi, bu esa ish unumdorligiga katta ta’sir ko‘rsatishini aytdi. Shu bilan birga sohani nazorat qiladigan tashkilotlar vazirlikka bo‘ysunishi oqibatida korrupsiya yuzaga kelishini keskin tanqid qildi.

“Shveysariyada 7 ta vazirlik bo‘lgani bilan tagida katta fundamenti bor. Organlar soni juda ham ko‘p. Ularning hammasi vazirlikka birlashgan. Biz “Davlat organlarini optimallash kerak emas”, degan fikrdan yiroqmiz. Bizda shunday tashkilotlar bor. Ular ham sohani rivojlantirish, ham nazorat bilan shug‘ullanadi. Bu holatda, albatta, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga keladi. Sohani nazorat qilmoqchi bo‘lsa, qanday qilib rivojlantiradi. Shu sababli ham nazorat funksiyalari ayrim joylarda yaxshi ishlamay qoladi. Chunki ular rivojlantirishga javob berishi kerak. Ertaga undan rahbariyat nima ish qilganini so‘raydi. Masalan, veterinariya sohasida shunaqa. Chorvachilikni rivojlantirish va veterinariya xizmati bitta tizimda. Albatta, manfaatlar to‘qnashuvi bo‘ladi-da. Yoki transport inspeksiyalar transport vazirligining ichida. Inspeksiya vazirlikka bo‘ysunganidan keyin sohani qanday nazorat qiladi va rivojlantiradi. Bu holatda qanday qilib mustaqil ravishda ish yuritish mumkin?”, deydi Davletov.

Shuningdek, u OAV ko‘p hollarda vazirliklar faoliyatini yoritishi, inspeksiyalar faoliyatiga e’tibor qaratmasligini aytib, O‘zbekistonda 15 ta inspeksiya borligi va OAV va jamoatchilik vakillari bunga e’tibor qaratishi muhimligini ta’kidladi.

“OAV inspeksiyalar faoliyatiga e’tibor qaratmaydi. Obektiv sabablarga ko‘ra doimiy energetika va transport vazirligi sohasi yoritiladi. Shu vaqtgacha inspeksiyalar haqida aytarli gapirtirilmagan. Vaholonki, ular 15 ta. Inspeksiyalar yo‘nalishida jamoatchilik nazorati yo‘q. Inspeksiyalar chetda turishadi, o‘zini ishini bajaradi. “Korrupsiyasi ham yo‘q”, deya olmaymiz. Prezident saylovoldi uchrashuvlarda aytgan gapi bekorga emas. Ixcham, yangicha ishlaydigan davlat organlari tizimi kerak.

Yana bir misol. Davlat unitar korxonalariga e’tibor qaratsak, cohada 43 ta davlat organlari funksiyasini korxonalar bajaryapti. Bu juda ham achinarli holat. DUK qonun bo‘yicha tijorat tashkiloti hisoblanadi va ular pul ishlash bilan shug‘ullanadigan tashkilot. Ularga davlat funksiyasi yoki xulosa berish funksiyalarini berib bo‘lmaydi”, deydi Davletov.

Shuningdek, vazir O‘zbekistonda nafaqat vazirliklar, balki komissiyalar ham ko‘pligini aytib,  ulardan kamida 50 tasini qisqartirish taklif qilinayotganini ochiqladi. Shu bilan birga ularning ko‘pligi asosiy organlar faoliyatiga juda qattiq ta’sir qilishini urg‘uladi.

“Komissiyalar soni ham ko‘payib ketyapti. O‘zbekistonda 231 ta komissiya bor. Idoralararo komissiya, ishchi guruh va boshqalar. Bu asosiy organlar faoliyatiga juda qattiq ta’sir qiladi. Ishchi guruhga komissiyalarning kamida 50 tasini qisqartirishni taklif qilyapmiz. O‘zaro takrorlanadigan 168 ta vazifa va 301 ta funksiya aniqlandi. 

Hokimiyatlar, vazirliklar vazifasi qayerda boshlanib, qayerda tugashini bilish davlat boshqaruvi uchun juda katta masala. Ko‘zga ko‘rinmaydi, ammo buni aniq prinsiplar asosida tartibga solib qo‘yishimiz kerak. Bir narsani bilib qo‘yinglar, hokimliklar davlat siyosatini yuritmaydi. Davlat siyosatini vazirlar yuritadi. Bu Konstitutsiyada belgilangan”, deydi u.

Davletov O‘zbekistonda boshliqlar bilan ijrochilarning bir-biriga nisbati borligi, qolaversa, bitta rahbar qo‘l ostida 7 ta xodim bo‘lishi kerakligini aytdi. Uning aytishicha, 7 tadan ortiq xodimni boshqarish uchun rahbarning xotirasi ham imkoniyati ham yetmaydi.

“Bizda esa 3 ta ijrochiga 2 ta rahbar to‘g‘ri keladigan holatlar ham bor. Ijrochilardan rahbarlar ko‘p. Masalan Energetika vazirligida ikkita xodimdan iborat boshqarma bor. 4 ta xodimdan iborat bo‘lim bor. Umuman mezonlar ham yo‘q. Rahbarlar bilan ijrochilar nisbati juda katta masala”, deydi Davletov.


Maqola muallifi

Teglar

Davletov

Baholaganlar

232

Reyting

4

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing