Mercedes Benz, chiroyli raqam, qoraytirilgan oyna... Hukumatdagilarning “shoxi” bormi?
Jamiyat
−
07 fevral 2022
29697Hukumatning xizmat avtomobillari uchun sotib olinadigan chiroyli raqamlar, ularning “tonirovkasi” uchun byudjetdan bir tiyin ham pul ajratilayotgani yo‘q. Bu haqda bugun, 7 fevral kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ma’lum qildi.
“Qimmat mashinalar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining qarori chiqqan. Hozir ma’lum cheklovlar belgilandi. Bu ham juda yaxshi bo‘ldi. Men bu masala 3-4 yil oldin ko‘tarilishi kerak, deb o‘ylab turgandim. Shu kungacha maza qilib mashinalarda yurib qoldik. Lekin endi bu masala Vazirlar Mahkamasi qarori bilan kiritildi. Bu juda to‘g‘ri va jarayonni yanayam tezlashtirish tarafdorimiz. Hukumat a’zolariga qanday mashinalar berilgan bo‘lsa, bizga ham shunday berilgan. Bittasini sotib olganmiz. Bittasi hukumatdan yagona yondashuv asosida berilgan. Bu yerda ham to‘g‘ri masala qo‘yilyapti. O‘zbekistonning iqtisodi va aholining turmush sharoitidan kelib chiqqan holda, shunga yarasha yurish kerak. O‘ylaymanki, bu sohadagi cheklovlar yana ham kuchayadi.
Bittasi qimmat mashina sotib olsa, hamma darrov bu mavzuni ko‘tarilib chiqyapti-ku. Oldin shu yo‘q edi-ku. Bu davlat xaridlari va shartnomalarni ochiq qilganimizning ortidan bo‘lyapti, ya’ni davlat bundan manfaatdor”, deydi Adliya vaziri.
Shuningdek, Ruslanbek Davletov davlat organlari avtomobillari uchun olinadigan raqamlar va oynasi qoraytirilayotgan hukumat avtomobillari bilan bog‘liq holatlar haqida to‘xtalib o‘tdi.
“Chiroyli raqamlar bo‘yicha u qadar katta muammo yo‘q. Chunki, davlat organlari avtomobillari raqami uchun to‘lovlar bir xil. Chiroyli raqamlarni shaxsiy tarzda yoki tadbirkorlar olishi mumkin. Bu yerda byudjetdan bir tiyin ham pul ajratilayotgani yo‘q.
Qoraytirilgan oynalar bo‘yicha ham davlat byudjeti hisobidan hech qanday pul olinishi mumkin emas. Bu to‘g‘ridan to‘g‘ri yozilgan. Bizniki ham qoraytirilgan. Lekin byudjetdan hech qanaqa pul olinmagan. Huquqni muhofaza qilish organi sifatida ruxsat bor, shuning uchun shunday yurilyapti. Yoki haydovchilar o‘zi qiziqqani uchun cho‘ntagidan oddiy fuqaro sifatida qilishi mumkin. Aynan pul nuqtai nazardan bu yerda byudjet bilan bog‘liq bo‘lgan masala yo‘q. Hozir oynalarni qoraytirish mavzu sifatida gapirsak, bu juda katta mavzu”, deydi u.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherboyev o‘tgan yilning avgust oyida QALAMPIR.UZ’ga bergan intervyusida amaldorlar, jumladan deputatlar ham xalq to‘lagan soliqlar hisobidan shakllanadigan byudjetdan olingan Mercedes Benz’da emas, Nexia yoki Cobalt’da yurishi kerakligini aytgandi. Shuningdek, u amaldorlarning qoraytirilgan oynali avtomobillarda yurishiga ham qarchi chiqqandi.
“Xizmat avtomobilimdan deyarli foydalanmayman! Oyda bir yoki ikki marta foydalanaman yoki yo‘q. Lekin xizmat uyidan foydalanaman, to‘g‘ri. Qolgan amaldorlarga ham tavsiya bergan bo‘lardimki, o‘zimizda ishlab chiqarilayotgan Nexia-3 yoki Cobalt’dan ortiq xizmat avtomobiliga minmasin. (!) Mercedes Benz’da yuradiganlari ham bor. U kabi mashinalarda benzin ham ko‘p ketadi, narxi ham qimmat. Bu mablag‘lar kimning hisobidan olinyapti?”, deydi Kusherboyev.
LiveBarchasi