O‘zbekistonda chiroyli raqamlarni auksionda sotish bekor qilinadi
Jamiyat
−
08 Sentabr 16069 2 daqiqa
2026 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekistonda transport vositalari uchun chiroyli davlat raqami belgilarini auksion orqali sotish tartibi bekor qilinadi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining joriy yilning 4 sentyabr kuni qabul qilingan “Avtomototransport vositalari uchun ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini berish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, fuqarolar uchun auksion savdolarida ishtirok etish tartibi murakkab va ko‘p vaqt talab etishi, ayrim toifadagi davlat raqami belgilari uchun boshlang‘ich narxlar yuqoriligi keng aholi qatlami uchun bunday raqamlarni sotib olish imkoniyatini cheklamoqda.
Qarorga muvofiq, 2026 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi (O‘zRTXB) tizimida har qanday raqam belgilarini sotish bo‘yicha auksionlar, shuningdek, xaridorgir raqamlarni oshirilgan stavkalarda berish tartibi bekor qilinadi.
Yangi tartibga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy va yuridik shaxslar to‘g‘ridan to‘g‘ri elektron murojaat asosida onlayn rejimda uzluksiz ravishda yangilanib turadigan yagona ochiq ma’lumotlar bazasida bo‘sh turgan istalgan harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lgan davlat raqami belgilarini tanlab olishi mumkin bo‘ladi.
Ushbu bazadan IIV ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘linmalarida joylashgan infokiosklar, Yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining mobil ilovasi, YHXX rasmiy veb-sayti va Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali kabi axborot tizimlari orqali foydalanish mumkin.
Tanlangan raqam yagona oshirilgan to‘lov evaziga beriladi, uning miqdori esa 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab, “Uzavtomotobelgi” davlat unitar korxonasi tomonidan belgilanadi. O‘zRTXB 2025 yil 1 oktyabrdan boshlab chiroyli davlat raqami belgilarining auksion savdolarini to‘xtatadi.
Auksionda sotib bo‘linmagan yoki ishlab chiqarilib, sotilmagan xaridorgir 1 dan 3-toifagacha bo‘lgan avtoraqamlar “Uzavtomotobelgi” yangilangan yagona oshirilgan to‘lov evaziga, 4−6-toifadagilari esa xaridorgir harf va raqamlar kombinatsiyasiga ega bo‘lmagan davlat raqami belgilarini berishning amaldagi tartibida beriladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu qaror bilan 2026 yil 1 yanvardan O‘zbekistonda ismni mashinaga raqam qilib qo‘ysa bo‘lishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi