“Noqonuniy qurilgan bo‘lsa, buzish kerak”. “Askiya City” masalasi Adliya vazirigacha olib chiqildi
Intervyu
−
11 fevral 2022
18871Xabaringiz bor, 2021 yiling 17 fevral kuni QALAMPIR.UZ saytida “INSOFT INVEST” MCHJning insofi bormi? Aholi noqonuniy qurilishdan norozi” nomli jurnalistik surishtiruv e’lon qilingan edi. Unda Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Jamshid Shoshiy ko‘chasida hech qanday ruxsatsiz, tasdiqlanmagan loyiha asosida “Askiya City” nomini olgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilgani, ushbu qurilish “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan amalga oshirilgani haqida so‘z borgandi.
O‘tgan yilning 25 fevral kuni Toshkent tumanlararo Iqtisodiy sudida sudya Dilbar Xayrullayeva raisligida noqonuniy qurilish yuzasidan ish ko‘rilishi boshlanib, 2021 yil 6 aprel kuni sud tomonidan hal qiluv qarori e’lon qilindi. Qarorda “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan qurilgan “Askiya City” turar joy majmuasini kompaniya hisobidan buzib tashlash belgilangan.
Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan uchrashuvda (7.02.2022 y.) “Askiya City” turar joy majmuasi noqonuniy qurilganini tasdiqlovchi sud qarori bo‘lsa-da, uni buzish 10 oydan buyon paysalga solib kelinayotgani aytildi. MIB esa MCHJ direktori "ha" deganda o‘zgarayotgani uchun ma’muriy javobgarlikka tortaverib, davlat g‘aznasini boyitmoqda. Bu holatda fuqarolar boshini qaysi devorga ursin? QALAMPIR.UZ bu borada Adliya vaziri Ruslanbek Davletov fikri bilan qiziqdi.
“Aytib qo‘yishim kerak, siz aytgan holat bilan tanish emasman. Lekin, bino noqonuniy qurilgani haqida sud qarori bo‘lsa, demak buzilishi kerak. Bu fakt sifatida tavsiflab berilganidan keyin ijro masalasi majburiy ijro byurosida qoladi. Ko‘p holatlarda mana shunaqa huquqiy bo‘shliqlarni qo‘llab, javobgarlikdan qochish holati ham bo‘lishi mumkin. Sud qarorida o‘zini hisobidan deyilgan bo‘lishiga qaramay, kerak bo‘lsa davlat hisobidan buzib, bo‘yniga qo‘yib qo‘yish ham kerak”, deydi Davletov.
Vazir so‘zida davom etarkan ko‘pchilik ayrim bo‘shliqlardan foydalanib, o‘z vazifasini bajarmayotgani, noqonuniy qurilish qilingan va bu sud tomonidan tasdiqlangan bo‘lsa, har qancha pul ketishiga qaramay, buzish kerakligini ta’kidladi.
“Adliya vazirligiga ham MIB yo‘nalishida ko‘plab murojaatlar keladi. Lekin, MIB alohida tashkilot va Bosh prokuratura qoshida.
Bu holatda yuridik shaxslarga nisbatan ham javobgarlik qo‘llash masalasini ko‘rib chiqishga to‘g‘ri keladi. Kerak bo‘lsa binoni davlat hisobidan buzib, xarajatini MCHJdan undiradigan yo‘llarini qilish kerak.
Sud tomonidan noqonuniy qurilish bo‘lgani aniqlangan bo‘lsa, men ham bu binolarning buzilishi tarafdoriman. Juda katta pul milliard, trillion ketsin, ammo adolat pul bilan o‘lchanmaydi. Qurilgan ko‘p qavatli binodan odamlar uy olishga ham ulgurgandir. Lekin hammasi noqonuniy. Ayrim odamlar jamiyatda boshqa muammolar yoki nohaqliklar ham bor va bu holatga ham jim qolaylik deyishlari mumkin. Lekin bu mutlaq noto‘g‘ri. Ayrim joylarda adolatsizlik bo‘lishi mumkin, lekin bu kechirish ko‘z yumish degani emas. Bizda hamma sohada muammo bor, lekin biz o‘sha masala bo‘yicha nuqtani qo‘yishimiz kerak”, deydi Adliya vaziri.
LiveBarchasi