“INSOFT INVEST” MCHJ’ning insofi bormi? Aholi noqonuniy qurilishdan norozi
Jamiyat
−
17 fevral 2021
16061QALAMPIR.UZ`ga Toshkent shahrining Yakkasaroy tumani Jamshid Shoshiy ko‘chasida yashovchi fuqarolardan murojaat kelib tushdi. Aholining arznomasida qayd etilishicha, ular yashayotgan mahalla hududida “Askiya City” nomini olgan ko‘p qavatli turar joy majmuasi qurilmoqda. Ushbu qurilish “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan bo‘lib, u tasdiqlanmagan loyihasi asosida qurilmoqda.
Qurilish kompaniyasi o‘zvoshimchalik bilan mahalla yerini egallab olib, shaharning qoq o‘rtasida ko‘p qavatli uy qurishni, uni reklama qilishni boshlab yuborgani yetmagandek, reklamalarda hozirda aholi yashaydigan uylar o‘rnida bolalar maydonchasi va avtoturargoh bo‘lishini ovoza qilmoqda. Eng qizig‘i esa bu boshboshdoqlikka hokimlik ham qarshi.
Ushbu murojaatni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
Jamshid Shoshiy ko‘chasida istiqomat qiladigan aholining aytishicha 4 yildan buyon qurilishi davom etayotgan ko‘p qavatli uy loyihasi tasdiqlanmagan va hozirgi kunga qadar aholi uylarini buzish yoki o‘rniga maydonchalar tashkil qilinishi haqida ogohlantirish berilmagan. Mazkur holatni batafsil o‘rganish maqsadida QALAMPIR.UZ voqea joyiga yetib bordi va aholi vakillari bilan suhabtlashdi.
Ilhom Jamoliddinov, fuqaro:
— 2010 yildan buyon shu mahallada istiqomat qilamiz. 4 yil bo‘ldiki, mahallamiz hududida noqonuniy qurilish davom etmoqda. Noqonuniy qurilish yuzasidan advokat yolladik. Aniqlanishicha, ko‘p qavatli bino qurish uchun tadbirkorda hech qanday ruxsat yo‘q ekan. Yakkasaroy tumani hokimiyati va tuman prokuraturasiga murojaat qilindi. Bugungi kunga qadar aytarli javob qaytarilgani yo‘q.
Dilafruz Ataxo‘jayeva, fuqaro:
— Shu mahallada 8 yildan buyon yashayman. 4 yil avval ko‘p qavatli bino qurilishini boshlashdi. Meni uyimning orqa tomonidan bir metr qilib qazib qo‘yishgan, buzma desak ham aniq javob yo‘q.
Marhabo Isayeva, fuqaro:
— Kadastr, iqtisodiy sud, prokuratura, hokimiyatga yozdik. Qayerga yozilgan, murojaat qilingan bo‘lsa ham javob xatlarida tayinli gap yo‘q. Xatlarning hammasida ish ko‘rib chiqilayotgani yoki o‘rganilayotgani haqida aytishyapti. Javob xatlarining ayrimlarida bu kabi masala boshqa tashkilot tomonidan ko‘rilishini ham aytilgan. 30 yil beton uyda yashab, endi hovliga yetdik deganda shunaqa ishlar bo‘lyapti. Uylarni qurishdan avval buzilish-buzilmasligini o‘rganib, “genplan”ga borib, so‘rab-surishtirib ko‘rganmiz. Uylarimiz yo‘l yuzida emas, mahallaning ichki qismida joylashgan. “Most” qurishmayapti yoki davlat ahamiyatiga molik bino ham qurilayotgani yo‘q. Shunchaki bir boyvachcha “Askiya City” qurgisi kelgani uchun bizning uylarimiz buzilishi kerakmi? Hamma joyda “Askiya City”ning reklamalari bor, magazinda ham, televizorda ham. Loyihaga ko‘ra bizning uylar o‘rnini bolalar maydonchasi egallashi kerak. Go‘yoki bizni yo‘qdek his qilib loyihani chizishgan. Qayta-qayta murojaat bilan chiqdik, hech kim ahamiyat berayotgani yo‘q. Hokimiyatga borsak, uylarimiz “snos”ga tushmaganini aytishadi. Lekin qurilayotgan binoning 6-qavatini ham bitirib bo‘lishdi. Hokimiyatga murojaat qilganimizdan so‘ng ular qurilish kompaniyasini sudga berdi, lekin 4 yildan buyon tuman hududida noqonuniy ko‘p qavatli bino qurilyapti, ular qayerga qaradi, hayronman.
Bino qurayotgan tadbirkorda ko‘p qavatli bino uchun emas, balki 2018 yilda obodonlashtirish uchun chiqarilgan qaror bor. Ikki qavatli binolarni buzib, undan keyin hokimiyatga qurilish to‘g‘risida murojaat qilishlari kerak edi. Lekin hech qanday huquqiy hujjatlarsiz qurilish qilishyapti.
Aida Karimova, fuqaro:
— Men qurilish bo‘layotgan binoning ro‘parasida joylashgan 36-sonli ko‘p qavatli uyning uyboshisiman, 2018 yil may oyida noqonuniy qurilish ishlari boshlangan. Ularda hech qanday rasmiy hujjat mavjud emas va biz ularga bir necha marta aloqaga chiqishga harakat qildik. Investorlar va quruvchilar bizdan qochishyapti va hech qanday ma’lumot berishmayapti, bizning ko‘p qavatli uylarimiz “snos” chizig‘ida joylashgan. Har kuni ertalab 08:00 dan to kechgacha qurilish ovozlarini eshitamiz. “INSOFT INVEST” va “GRAND HOUSE” nima xohlashsa, shuni qilishiyapti. Orada ayrim tushunmovchiliklar sabab ishni vaqtincha to‘xtatib turishdi, undan keyin yana davom etib kelmoqda. Ko‘p qavatli bino qurish uchun asosli hujjatlari bo‘lmasa ham uy qurishni boshlab yuborishgan. Ochiqchasiga qonun buzilish holatlari qayd etilmoqda, lekin negadir barcha mas’ul tashkilotlar jim. Qurilish kompaniyasi qanday tashkilot bo‘ldi-ki ular qilayotgan noqonuniy qurilishga hech kim pinagini ham buzmasa.
Dilafruz Ataxodjayeva, fuqaro:
— Hozirgacha bir nechta xaridorlar keldi. Ularga ko‘p qavatli binolarni qurish uchun barcha hujjatlar bor va fuqarolardan ruxsat olganmiz, deb sotishyapti. Bizning oldimizga kelgan haridorlarga qurilish kompaniyasi hech qanday ruhsatsiz uy qurayotganini aytdik.
Gulsara Nuraliyeva, fuqaro:
— Davlat rahbari buzilishlar mavzusiga shaxsan e’tibor qaratdi, endi noqonuniy qurilishlarni to‘xtatishar desak, yo‘q hali-hanuz davom etyapti. Qurilish kompaniyasi ko‘p qavatli uylarni qurish uchun bizdan hech qanday ruxsat so‘ragani yo‘q. O‘zlaricha qurishni boshlashdi va davom etishyapti. “Kak budto” bizlar “ne suestvuyem”, nimaga asoslanib uy qurishyapti, bilmadim.
Marhabo Isayeva, fuqaro:
— Hokimiyatga borsak sizlarga hech kim tegmayapti, deb aytishyapti. Lekin loyihada biz qizil chiziq ichida turibmiz. Ko‘nglimiz tinch emas, nima qilishimizni bilmay qoldik. Kelib buzadimi yoki ko‘chib ket deydi, nima deyishadi, bilmay turibmiz. Biz ham qariganda hovlida o‘tirishni niyat qilgan edik. Yaqinda “INSOFT INVEST” kompaniyasining rahbari menga 2018 yilda “snos”ga tushganimizni aytdi. Men shu zahoti Qurilish bosh boshqarmasiga borib snosga tushmaganimiz haqidagi rasmiy xatni oldim. Yakkasaroy tuman hokimiyati qurilish kompaniyasini sudga berganini aytishdi, lekin hali biror natija bo‘lgani yo‘q. Qurilish davom etyapti.
Nargiza Otaboyeva, fuqaro:
— Qurilish boshlangandan buyon chang ichida qoldik. Qurilish ob’ektida qoida bo‘yicha soat 8:00 dan 19:00 gacha ishlash kerak. Lekin bu yerda kechasi 11-12 da ham tinchlik yo‘q. Har kuni kamaz kiradi, chiqadi uning vibratsiyasi bizning uyga ham seziladi. Betonlari bilan yo‘llarimizni to‘sib qo‘yishadi. Ba’zan soatlab betonlarini olishlarini kutib qolamiz. Qurilish qoidalari qo‘pol tarzda buzilyapti, eng asosiysi, obodonlashtirish loyihasi bo‘yicha to‘rt tomonlama uy qurib, reklama ham qilishga ulgurishgan. (!) Hozirgi kunga qadar odamlarni aldab ko‘p qavatli uylarni sotishmoqchi. To‘rt yil davomida tinchimiz, halovatimiz, huquqlarimizni ham buzishyapti. Hech kim xalqqa yordam qo‘lini cho‘zay demayapti.
Gulsara Nuraliyeva, fuqaro:
— Hozir qazilgan joyda oldin ikki qavatli uy bo‘lar edi. Aynan shu uyning o‘rniga o‘n ikki qavatlisini qurishmoqchi. Uyni qursa, bizning hovlilarimizni buzmagan taqdirda ham biz keyin qanday yashaymiz. Tepa qavatdan hovlilarimiz ko‘rinib, tomosha bo‘lamiz-ku!.
Voqeaga ikki tomonlama yondashish, qurilish aslida ham noqonuniy bo‘lyaptimi-yo‘qmi bilish maqsadida Yakkasaroy tuman hokimiyati bilan bog‘landik. Voqea joyiga Yakkasaroy tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi Muzaffar Usmonov yetib keldi.
Muzaffar Usmonov, Yakkasaroy tuman hokimligi qurilish bo‘limi bosh mutaxassisi:
— 2018 yilda Toshkent shahar hokimligi tomonidan “INSOFT INVEST” MCHJga nisbatan obodonlashtirish ishlari olib borilishi uchun qaror chiqarilgan. Guvohi bo‘lganingizdek, hozirgi kunga qadar qurilish ishlari amalga oshirilyapti. Yakkasaroy tuman hokimiyati tomonidan bir necha bor, takrorlayman bir necha bor ogohlantirish berilgan. Shunga qaramasdan ish to‘xtatilmadi. Oqibatda Yakkasaroy tumani iqtisodiy sudiga uch marotaba da’vo arizasi kiritilgan. Sudning birinchi ajrimida sud qurishni to‘xtatishga vakolati yo‘q ekani aytildi, ikkinchi marotaba esa kvadrat metrlari aniq kiritilishi kerakligini aytib, qaytarishdi. Sud tomonidan kamchiligi bor deb aytilgan barcha hujjatlarni to‘plab qayta yubordik.
Bino qurilishi haqida aytadigan bo‘lsak, haqiqatan ham noqonuniy qurilish bo‘lyapti. Avvalambor, bu loyiha Toshkent shahar qurilish boshqarmasi tomonidan tasdiqlanmagan. Qurilish vazirligi qoshidagi hududiy qurilish nazorat inspeksiyasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tmagan. Bino qurilish talablariga rioya qilinmagan holda qurilyapti. Hozirgi kunga qadar hovlida yashayotgan yoki ko‘p qavatli uylarda yashaydigan xonadon egalariga ham taklif bilan chiqishmagan. Bu gaplarni fuqarolarning murojaatlardan kelib chiqib aytyapmiz.
Feruza Najmiddinova, jurnalist: — Hokimiyat “INSOFT INVEST” MCHJ rahbari yoki xodimlari bilan aloqada bo‘lib, bino noqonuniy qurilayotgani haqida ogoxlantirildimi?
M.U.: — “INSOFT INVEST” MCHJ rahbari Maqsud ismli shaxs, unga bir necha marotaba noqonuniy qurilish qilayotgani haqida tushuntirildi. Eskiz loyiha tasdiqlanguniga qadar, qurilishni to‘xtatish haqida aytildi. Lekin qurilish to‘xtatilgani yo‘q. Bunday holatda tuman hokimiyati binoni buzish yoki shunchaki buzib yuborish vakolatiga ega emas, shu sababdan ham biz sudga murojaat qildik.
F.N.: — Hokimlik tomonidan bir necha bor sudga murojaat qilingani haqida aytyapsiz, agar sud qurilish loyihasi tasdiqlanishiga ruxsat bersa, bu yerda istiqomat qiluvchilarning ahvoli nima kechadi?
M.U.: — Bu vaziyat sudga bog‘liq, agar sud loyihani tasdiqlasa va ko‘p qavatli uylar qurilishi mumkin deb topsa, aholiga yomon bo‘ladi. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri inson huquqining buzilishidir. Bu loyiha Toshkent shahar hokimiyati yoki Toshkent shahar qurilish bosh boshqarmasi tomonidan tasdiqlanmagan. Hech qaysi standartlarga to‘g‘ri kelmaydi. Chunki ko‘p qavatli bino qurilsa, orqa tomondan oyna ochiladigan bo‘lsa pastda yashaydigan fuqarolarning uylari ko‘rinadi. Bu musulmonchilikka ham to‘g‘ri kelmaydi. Ko‘p qavatli uyni besh qavatgacha qurishsa, muammo kelib chiqmasa kerak deb o‘ylayman. Agar 12 qavat quraman desa, birinchi tasdiqlangan taklif loyihasini berib, xonadonlarni sotib olishi kerak bo‘ladi. Vazirlar Mahkamasining 911- sonli “Jismoniy va yuridik shaxslarning mulk huquqlari kafolatlarini ta’minlash hamda yer uchastkalarini olib qo‘yish va kompensatsiya berish tartibini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mulkdorlarni rozi qilib qurilishni boshlasa, hech qanday muammo bo‘lmas edi.
F.N.: — Qurilish standartlari bo‘yicha qurilayotgan bino va xonadonlar orasidagi masofa qancha bo‘lishi kerak va bu bino qanchalik qurilish talablariga mos?
M.U.: — Qurilishning o‘ziga yarasha talablari bor. Ko‘p qavatli bino qurilarkan, uning atrofidagi xonadonlar bilan oraliq masofasi 40 metrni tashkil etishi kerak. Agar binoda oyna bo‘lmasa 15 metr masofada bo‘lsa ham bo‘ladi.
Hokimlik vakili ishonch bilan noqonuniy qurilish ekanini aytyapti, fuqarolar esa uyi atrofida ko‘p qavatli bino qurilishidan norozi. Shaharning qoq markazida shunchaki noqonuniy, hech qanday xat-hujjatsiz qurilish bo‘lsayu, hech kim bunga chora ko‘rolmasa, uni to‘xtatolmasa. Yo qurilish ortida aholi, hokimlik vakillari va biz bilamagan katta kuchlar bormi?
Masalaga xolis munosabat bildirish maqsadida “INSOFT INVEST” MCHJ va “GRAND HOUSE” MCHJ rahbarini qidirishga tushdik. Qurilish bo‘layotgan bino yaqinidagi sotuv ofisiga borganimizda, eshik berkligiga guvoh bo‘ldik. Ob’ektga borib “prorab”ni uchratdik. Qurilishga mas’ullar biz bilan muloqotda ishga kelganiga endigina 10 kun bo‘lgani, holat haqida hech narsa aytolmasligini ma’lum qilishdi. Qurilish loyihasini ko‘rsatishlarini so‘raganimizda obdon qidirib, chala holdagi loyiha bilan tanishtirdilar. Rahbariyat esa asosiy sotuv ofisida bo‘lishini aytib, bizni o‘sha manzilga yo‘lladilar.
“GRAND HOUSE”ning asosiy sotuv ofisiga borganimizda, uy sotib olish istagida kelganlar juda ko‘p edi. Eng achinarlisi, hali buzish uchun rozilik olinmagan xonadonlar o‘rnini qurilishi rejalashtirilayotgan bolalar maydonchasi sifatida tap tortmasdan tanishtirishardi. Sotuv ofisida kim bilan gaplashmaylik, ular ishga endi kelgani, biz berayotgan savollarga esa hech qanday javob berolmasliklarini aytishdi. Tez orada telefon orqali kimlar bilandir gaplashib, QALAMPIR.UZ’dan muxbirlar kelganini xabar qilishdi. Rahbariyat esa telefon orqali xodimlariga qurilayotgan bino yaqinidagi ofisga borishimiz kerakligini uytirdi. Biz aytilgan joyga yetib borganimizda, ikki turk investori va o‘zini “GRAND HOUSE” rahbari deb tanishtirgan Maqsud ismli shaxs kutib oldi. Holatni tushuntirib, voqea yuzasidan intervyu berishlarini so‘radik. Ular qurilish uchun hujjatlari borligini, barchasini to‘plab, alohida intervyu berishlarini ma’lum qilishdi. Oradan 10 kundan ziyod vaqt o‘tdi. Biroq hujjatlar topilmadi, ular bizga intervyu masalasida murojaat ham qilmadi.
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: modomiki, ular intervyu uchun shunday hozirlik ko‘rarkan, uy qurish uchun ham shunday tayyorgarlik ko‘rishdimi?
Biz bilan suhbatda turk investorlardan biri aholi “hech kim”ligi, agar qurilishdan norozi bo‘lishsa, sudga murojaat qilishlari kerakligini aytdi. Shuningdek, u jurnalistlar hech kim ekani, murojaat qilishimiz kerak bo‘lgan joy va odam ular emasligini aytib baqira ketdi.
Hali xonadonlar bilan kelishmay, nega uy qurishni boshladingiz degan savolga, “GRAND HOUSE” rahbari “hozircha qurilishni to‘xtatib turibmiz, oldin aholidan rozilik olib keyin davom etiramiz”, deya javob qaytardi. Biroq, biz u aytgan gaplarning aksiga guvoh bo‘ldik. Qurilish ob’ektida ish qizg‘in.
O‘zbekistonning yaqin tarixiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, korrupsiyalashgan qurilish sohasida odatda bunday loyihalarning ortidan falonchining tog‘asi, pistonchining pochchasi bo‘lib kelgan. Eng kamida ishning bosh qahramonlari hokimlar bo‘lib chiqqan. Xo‘sh, “Askiya City”ning qonunlarni mensimaydigan, aholi uylarini o‘zboshimchalik bilan egallab olishga urinayotgan qahramoni kim? Shaharning qoq markazida 4 yildan buyon qurilish bo‘lsayu hech kim miq etmasa, pushugini pisht demasa. Bunga qaysi mezonlar bilan baho berish mumkin. Odamlarning yashab turgan uyiga yarim tunda kelib buldozer haydaganlar, qo‘lida go‘dagi bilan yarim kechasi ko‘chaga uloqtirganlar endi qayerda? Yo bundan o‘zim – o‘zimga xon, ko‘lankam – maydon deydiganlarga gaplari tugul, tishlari ham o‘tmaydimi? Shahar markazidagi maydonni bezash urinayotgan Ortiqxo‘jayev, siz qayerdasiz? Nega jimsiz?
Prezident adolat, adolat, adolat deb ko‘p takrorlaydi. Odamlar esa adolat borligini ertaga emas, bugun his qilishi kerak.
Ushbu murojaatni to‘liq shaklda yuqoridagi videopleyerda yoki YouTube'dagi sahifamizda tomosha qilishingiz mumkin.
LiveBarchasi