Davlatga tushayotgan bojlarning farqiga qarang – Davletov IMEI nega kerakligini aytdi

Jamiyat

Bir necha kun avval Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bosh iqtisodchisi Vinayak Nagaraj UzIMEI tushunarsiz byurokratik tizim bo‘lib, mamlakatni oldinga emas, balki orqaga tortayotgan siyosatlardan biri ekanini ta’kidlagan edi. Ushbu mavzu bugun, 7 fevral kuni Adliya vaziri Ruslanbek Davletov bilan o‘tgan matbuot anjumanida  muhokama qilindi.

“Men ham iste’molchiman. Sohani boshqaradigan vazirliklar bor. Bu mavzuda jamoatchilikning fikri bekorga ko‘tarilmaydi. Men bu sohadagi malakali inson emasman. O‘zimning fikrim, albatta, bu [UzIMEI tizimi] soddalashtirilishi kerak. Biz ratsionalizatormiz. Biz juda ko‘p osonlashtirish, oddiy qilish, pulini arzonlashtirishga e’tibor qaratamiz. Bular og‘ir jarayon bo‘lmasligi va odamlar sezmasligi kerak. Chunki, IMEI’ning registratsiyasi ko‘p davlatda bor. Ko‘p davlatlar kiryapti”, deydi Davletov.

Adliya vaziri so‘zida davom etib, IMEI’ning hukumatga foydasi tegayotgani va uni soddalashtirish borasida ishlar qilinayotganini aytdi.  

“Buni yaxshi tomoni ham bor. Rasmiy ravishda kirib kelgan telefonlarning soni va davlatga tushayotgan bojlarning  farqiga qarang. Bu to‘g‘ri narsa, faqat qulay bo‘lishi kerak, tamom. Bu ishni yengillashtirish va takomillashtirish bo‘yicha Sherzod Hotamovich (Sherzod Shermatov – Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri) ishlamoqda. U ham Hukumat a’zosi. O‘ylaymizki, yaqinda takliflarini beradi”, deydi u.

Ma’lumot o‘rnida, respublika xududida mobil qurilmalarni IMEI-kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 sentyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 778-son qaroriga muvofiq joriy qilingandi. Shuningdek, mobil qurilmaning IMEI-kodi ro‘yxatdan o‘tgan-o‘tmaganini tekshirish uzimei.uz sayti orqali amalga oshirilishi belgilangan.


Maqola muallifi

Teglar

Davletov IMEI’

Baholaganlar

340

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing