Oltin medal: O‘zbekiston Osiyo o‘yinlarida Qozog‘istondan o‘zib ketdi
Sport
−
08:59 3447 1 daqiqa
Bugun, 26 sentyabr kuni Yaponiyaning Aichi-Nagoya-2026 shaharlarida o‘tkazilayotgan Osiyo o‘yinlarida O‘zbekiston navbatdagi oltin medalni qo‘lga kiritib, medallar reytingida 4-o‘ringa ko‘tarilib oldi. Delegatsiya g‘aznasiga 8-oltinni Shaxriyor Mahkamov qo‘shib qo‘ydi.
Turnirning baydarkada eshkak eshish bahslarida qatnashgan Shaxriyor Mahkamov Osiyo o‘yinlari chempionligini qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasida 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida o‘zbekistonlik sportchi marraga birinchi bo‘lib yetib bordi.
Shuningdek, baydarkada eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Arina Tanatmisheva kumush medalni qo‘lga kiritdi. 500 metr masofaga kechgan yakkalik dasturida sportchi marraga ikkinchi bo‘lib yetib bordi.
Bundan tashqari, kanoeda eshkak eshish bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Vladlen Denisov hamda Nilufar Zokirova juftligi O‘zbekiston sportchilari g‘aznasiga galdagi medalni taqdim qildi. Mikst dasturida ishtirok etgan sportchilar finishga ikkinchi bo‘lib yetib bordi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Ma’lumot uchun, ayni damda o‘zbekistonlik sportchilar hisobida 8 ta oltin, 17 ta kumush va 9 ta bronza bor. Medallar jamg‘arish bo‘yicha umumjamoa reytingida O‘zbekiston 4-o‘rinda bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Osiyo o‘yinlarida oltin medal olgan o‘zbekistonlik sportchilarga 25 000 AQSH dollari miqdorda pul mukofoti berilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi