Apellyatsiyadan so‘ng O‘zbekistonning oltin medali qaytarildi

Sport

−

image

Yaponiyada o‘tkazilayotgan V Para Osiyo o‘yinlarida 1500 metrga yugurish bahsida g‘olib chiqqan o‘zbekistonlik paraatlet Faxriddin Hamroyev raqibining shikoyatidan keyin diskvalifikatsiya qilindi. Biroq O‘zbekiston delegatsiyasining apellyatsiyasidan so‘ng qaror bekor qilinib, sportchining oltin medali qaytarildi. Bu haqda ASTIG nashri xabar berdi.

O‘zbekiston Milliy paralimpiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, Faxriddin Hamroyev Aichi-Nagoyada o‘tkazilayotgan musobaqada T13 klassida 1500 metrga yugurish bahsida barcha raqiblarini ortda qoldirib, marraga birinchi bo‘lib yetib kelgan va oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Biroq musobaqadan keyin iordaniyalik sportchi hakamlarga shikoyat bilan murojaat qilgan. U Hamroyev o‘zini itarib yuborgani va yugurishiga xalaqit berganini da’vo qilgan. Shikoyat qanoatlantirilgach, o‘zbekistonlik atletning natijasi bekor qilinib, u diskvalifikatsiya qilingan.

O‘zbekiston delegatsiyasining mas’ul vakillari apellyatsiya shikoyatini bergandan so‘ng Xalqaro paraatletika nazorat komissiyasi musobaqa videoyazuvini qayta ko‘rib chiqqan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, Hamroyev raqibiga nisbatan qoidabuzarlik sodir etmagan deb topilgan va oltin medal qaytarilgan.

Ushbu qaror natijasida O‘zbekiston delegatsiyasining musobaqaning uchinchi kunida qo‘lga kiritgan medallari soni 33 tadan 34 taga yetdi.

Ma’lumot uchun, O‘zbekiston delegatsiyasi musobaqada 11 ta sport turi bo‘yicha 149 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Musobaqalar joriy yilning 24 oktyabrga qadar davom etadi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing