5-o‘rin, o‘nlab medallar va tantana: Sportchilar qanday kutib olindi?
Tahlil
−
16:11 942 3 daqiqa
Joriy yilning 5 oktyabr tongida Yaponiyaning Aichi-Nagoya shaharlarida o‘tkazilgan 20-Osiyo o‘yinlarida ishtirok etgan sportchilarimiz yurtimizga qaytib kelishdi. Osiyoda medal jamg‘arish bo‘yicha kuchli beshlikdan o‘rin olgan sportchilarimizni shaxsan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri va uning delegatsiyasi kutib oldi.
396 nafar sportchimiz uchun maxsus qizil yo‘lak tashkil etildi. Shundan so‘ng, bayramning rasmiy qismida Bosh vazir Abdulla Aripov Prezidentning sportchilarimizga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. Rasmiy jarayonlar yakunlangach, o‘zi 10 soatga yaqin davom etgan parvozda charchagan sportchilarimizni biz ham tinch qo‘ymadik va ulardan ayrimlari bilan qisqa suhbatlar o‘tkazdik.
Muxbir: Shohsupaga chiqib, O‘zbekiston madhiyasi siz sabab yangrayotganda ichingizdan nimalar o‘tdi?
“Assalomu alaykum. Shohsupaga chiqib, O‘zbekiston madhiyasi yangrashi – har bir sportchining eng katta maqsadlaridan biri. Chunki har bir sportchi chempion bo‘lishni orzu qilib, sportga kirib keladi.Bu tuyg‘uni so‘z bilan ta’riflash juda qiyin. Chunki shohsupada birinchi o‘rinda turganingizda, ortingizda yurtimiz, xalqimiz, avvalo, muhtaram Prezidentimiz, bayrog‘imiz turadi. Bu juda katta sharaf va g‘urur. Hayajon bilan birga qalbingizni qandaydir xotirjamlik ham egallaydi”, deydi boks bo‘yicha 20-Osiyo o‘yinlari chempioni To‘rabek Habibullayev.
Aralash jang san’ati (MMA) yo‘nalishida kumush medalni qo‘lga kiritgan sportchimiz Hilola Sobirova ham o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Bizning sport turimiz Osiyo o‘yinlarida ilk bor ishtirok etdi. Medal taqilayotganda, ayniqsa, birinchi o‘rin bo‘lsa, bu alohida baxt. Lekin shu medalni olishga ham ancha mehnatim singdi. Allohga shukur.O‘sha paytda shuncha qilgan mehnatlaringiz, og‘ir mashg‘ulotlaringiz, qilgan duolaringiz, ortingizda turgan ota-onangiz, xalqimiz va Vatanimiz, shuningdek, ustozlarimizning mehnatlari ko‘z oldimizga keladi. Ana shunda qilgan mehnatingizni oqlaganingizni his qilib, o‘zingizdan-o‘zingiz faxrlanib, shukr etasiz. Vatanimiz bayrog‘ini boshqa davlatlarda, shuncha mamlakatlar ichida ko‘klarga ko‘targaningizdan o‘zingizdan faxrlanish hissi keladi”, deydi u.
Boks bo‘yicha ikki karra Osiyo o‘yinlari chempioni Abdumalik Halokov ham o‘z hissiyotlari bilan o‘rtoqlashdi.
“Prezidentimiz tomonidan yaratib berilgan sharoitlarga munosib javob berganimdan faxrlanaman va g‘ururlanaman. Madhiyamiz yangraganda buni yanada chuqurroq his qilasiz. Delegatsiyamizga oltin medal qo‘shish – men uchun katta baxt va sharaf.Bu bilan to‘xtab qolmaymiz. Hozir ikki karra Osiyo o‘yinlari chempioni bo‘lgan bo‘lsak, bundan keyin ham yangi g‘alabalar sari intilamiz. Xudo xohlasa, Olimpiada o‘yinlarida ham ikki karra Olimpiada chempioni bo‘lib, xalqimizni, Prezidentimizni xursand qilishga harakat qilamiz.
Muxbir: Eng katta motivatsiyani kimlar berib turdi?
Eng katta motivatsiyani, albatta, ota-ona va oila beradi. Men uchun eng katta kuch va rag‘bat ham shular”, deydi boks bo‘yicha ikki karra Osiyo o‘yinlari chempioni Abdumalik Halokov.
O‘zbekiston terma jamoasi bu galgi Osiyo o‘yinlarida 400 ga yaqin sportchi bilan 42 ta sport yo‘nalishida qatnashdi va 21 ta oltin, 25 ta kumush va 24 ta bronza medallarini qo‘lga kiritib, umumiy 70 ta medalga ega chiqishdi. Bu esa terma jamoamizni medallar jamg‘arish bo‘yicha 45 ta davlat ichida kuchli beshtalikda musobaqani yakunlashiga yetarli bo‘ldi.
Umid Sulaymonov
Live
Barchasi