“Olomonlik” va “provakatsiya”ga yo‘l qo‘ymaylik! – Kusherboyev “Skver”dagi namoyish haqida
Jamiyat
−
29 mart 2021
11006So‘z erkinligi jismoniy kuch ishlatish yoki "provakatsiya"ga chorlash degani emas. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kkusherboyev mamlakatda besoqolbozlik – LGBTni qo‘llab namoyish o‘tkazishga urinish bo‘layotganiga munosabat bildirib, shunday fikr bildirdi.
“Afsuski, Amir Temur hiyobonida bo‘lib o‘tgan tartibsizlik so‘z erkinligi chegarasini ochiqchasiga buzish va omma o‘rtasida ixtilof chiqarish yo‘lidagi harakat bo‘ldi. Balki ayrim yashirin kuchlarning maqsadiga yetish uchun ayni muddao bo‘lgan bo‘lishi ham mumkin. Biroq hozir gap bu haqda emas”, deydi Kusherboyev.
U so‘zida davom etib, so‘z erkinligidan foydalanadigan odam o‘ziga ma’qul bo‘lmagan fikrga qarshi kuch ishlatishi emas, g‘oyaviy bahsga kirishishi kerakligini ta’kidlagan.
“So‘z erkinligi shuki, bunda siz eshitishni istamagan shaxslarning fikriga qo‘shilmasangiz ham unga toqat qilish va pozitsiyangizni g‘oyalar baxsida himoya qilishdan iborat. Va bu hech qachon shaxsiyatga o‘tish yohud “provakatsiya” orqali kuch ishlatishga olib kelishi kerakmas. Agar bu chegarani buzsangiz, demak so‘z erkinligi siz uchunmas. Aynan shu nuqtada so‘z erkinligining chegarasi tugaydi. U yog‘i esa qonunan javobgarlikka sabab bo‘luvchi tartibsizlik va haqoratga olib borishi mumkin.
Agarki, jamiyat buni qabul qilolmasa, demak so‘z erkinligi tushunchasini anglash va undan foydalanishga ma’nan haqli emas”, degan deputat besoqolbozlikni qo‘llab namoyish o‘tkazishga urinish bo‘lganiga munosabat bildirib.
Kusherboyev jamoatchilik LGBT masalasiga o‘z munosabatini bildirayotganiniga to‘xtalib, o‘zi ham bu illatga qarshi ekanini ta’kidlagan.
“LGBT masalasida jamiyatning aksari fikr orqali o‘z pozitsiyasini bildirmoqda. Va tabiatan ayol va erkak sifatida dunyoga kelib, tabiiy ravishda umr kechirayotgan saylovchilarimning fikri hamda o‘zimning shaxsiy qarashlarimdan kelib chiqib men ham bunga o‘z munosabatimni bildirdim: LGBT masalasiga qarshiman.
Biroq biz hech bir harakatimizda bunga nisbatan kuch ishlatish yohud tartibsizlik qilishga chaqirmadik. Biz o‘zimizga yoqmasa ham uni mustaqil fikr sifatida toqat qilib tinglashga burchlimiz.
Chunki fuqarolik jamiyatida fikrlar xilma xil bo‘lishini tabiiy qabul qilamiz. Va buni fuqarolik jamiyati sharoitidagi jamoatchilik nazoratining muhim instrumenti sifatida bilamiz. Bu insturmentga putur yetishini istamaymiz”, deydi Kusherboyev.
Deputat jamoatchilik qarshiligiga uchrayotgan fikrlar kuch ishlatish bilan yo‘q bo‘lib ketmasligiga e’tibor qaratgan.
“Bir haqiqat aniq: biz eshitishni istamagan fikr va qarashlar, muammoli masalalar hech qachon kuch ishlatish va tartibsizlik qilish yo‘li bilan hal qilinmaydi.
Shu bois, bo‘lib o‘tgan tartibsizlikni jamiyatning ongli a’zosi sifatida hech qachon oqlay olmayman. Va barchani "olomon jamiyat" qiyofasini ko‘rsatmay, muammolarni bosiqlik bilan "dialog" orqali hal etadigan madaniyatli mamlakat fuqarolari sifatida namoyon qilishga chaqirib qolaman. Biz asli bunday emasmizku!
Tartibsizlik, "olomonlik" va "provakatsiya"ga yo‘l qo‘ymaylik! Tartibbuzar va bunga chorlovchi "provakator"larga esa qonuniy chora ko‘rilishini so‘rab qolamiz”, deya so‘zini yakunlagan Kusherboyev.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 28 mart kuni Toshkentning Amir Temur xiyobonida besoqolbozlik – LGBT tarafdorlari namoyishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan vaqtda unga qarshi bo‘lganlar to‘plandi va miting uyushtirildi. Mazkur namoyishda IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 12 kishi hibsga olingan.
Qayd etish kerakki, O‘zbekistonda besoqolbozlik masalasi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat yo‘llaganidan so‘ng kun tartibiga chiqdi.
Ayni vaqtgacha besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr