Alisher Qodirov geylarga nisbatan jazolarni kuchaytirishni taklif qildi
Jamiyat
−
29 mart 2021
14713Avvalroq, Toshkentning Amir Temur xiyobonida besoqolbozlik – LGBT tarafdorlari namoyishi o‘tkazilishi rejalashtirilgan vaqtda unga qarshi bo‘lganlar to‘plangani va miting uyushtirgani haqida xabar bergan edik. Mazkur namoyishda IIBB ma’lumotiga ko‘ra, 12 kishi hibsga olingan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov mamlakatda LGBTni qo‘llab namoyish uyushtirishga urinish bo‘lganiga o‘z munosabatini bildirdi.
Deputat besoqolbozlik tarafdorlarini so‘taklar deb atab, bu harakatlarni millatning fundamental ustunlariga aniq maqsadlar bilan berilayotgan zarba ekanini ta’kidlagan.
“Shu kunlarga ham yetib keldik, afsus... G‘urursiz, sharafsiz hayotni o‘limdek ko‘rgan millatning erkaklari ichida ham erkaklikdan mahrum so‘taklar borligini isbotladingiz.
Toshkentda besoqolbozlarning provakatsion mitingini o‘tkazishga harakatlar bo‘lyapti. Bu provakatsiyaga aldanib, e’tiroz uchun yig‘ilganlarning bir qanchasi surishtiruvlar uchun ushlangan. Tartibbuzarlarga tegishli chora ko‘rilishi aniq, lekin masala boshqa tomonda... Oddiygina miting haqida gap ketmayapti. Bu millat qadriyatlari va jamiyatning fundamental ustunlariga mayda-mayda, lekin yirik niyatlar bilan urilayotgan zarbadir”, dedi Alisher Qodirov.
Deputatga ko‘ra, bu holat Jinoyat kodeksining 120-moddasini yanada kuchaytirishga ehtiyoj borligini yaqqol ko‘rsatgan.
“Modda besoqolbozlik, LGBT g‘oyalarini har qanday shaklda targ‘ib qilishni taqiqlashi kerak. Albatta, jazo juda yumshoq. Bu modda sanksiyalari majburiy davolash, ozodlikdan mahrum etish, mamlakat fuqaroligini bekor qilish, mamlakatdan badarg‘a qilishgacha ko‘zda tutishi kerak.
O‘zbekiston xalqi sizdeklar bilan bir davlatda yashashni istamasa, buni qonunda aks etishi kerakligi juda ham tabiiy holat”, deydi Qodirov.
U besoqolbozlik tarafdorlarini terrorchilarga tenglashtirgan holda, o‘zining achchiq gaplarini ham aytib o‘tgan.
“Terrorchilardek g‘urursizlarning ham millati bo‘lmaydi! Sizlarni rad etamiz! O‘zbekiston sizdeklar yashay olmaydigan yurt bo‘lishi uchun hamma narsani qilamiz. Millatimizga oq bo‘ling, sharafsizlar!”, deya so‘zini yakunlagan Qodirov.
O‘zbekistonda besoqolbozlik masalasi Human Rights Watch xalqaro inson huquqlari tashkiloti rasmiy Toshkentga mamlakat Jinoyat kodeksidan 120-modda – besoqolbozlikni chiqarib tashlash va jinoiy javobgarlikni bekor qilishni so‘rab murojaat yo‘llaganidan so‘ng kun tartibiga chiqdi.
Ayni vaqtgacha besoqolbozlik bo‘yicha Human Rights Watch so‘roviga deputat Rasul Kusherboyev va Islom sivilizatsiyasi markazi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi bosh mutaxassisi Abror Muxtor Aliy, taniqli olim Mubashshir Ahmad ham munosabat bildirdi. Ular besoqolbozlikka oid moddaning jinoyat kodeksidan chiqarib yuborilishi ham siyosiy, ham diniy yo‘qotishlarga sabab bo‘lishini urg‘ulagan.
LiveBarchasi
Putin xalqiga murojaat qildi.
21 noyabr