Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Har bir chechen fuqarosining O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirish vaqti keldi – Kusherboyev

3-sahifa

image

Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirining maslahatchisi, jamoatchilik faoli Rasul Kusherboyev har bir Checheniston fuqarosini O‘zbekistonga kirishini qat’iy tekshirishga chaqirdi. Bu taklifni u Bosh prokuratura tomonidan Rossiya fuqarolari Bislan Rasayev va Shamil Temurxonovning Komil Allamjonovga suiqasd ishi doirasida qidiruvga berilgani fonida ilgari surdi.

“Kim o‘zi bu ikki shaxs? Qayerdan paydo bo‘ldi bu terrorchilar? Xavfli jinoyatchilar qaysi yo‘l bilan O‘zbekiston hududiga kirishdi? Bu masala aniq oydin aytilishi lozim”, deydi Rasul Kusherboyev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, oldinroq Checheniston rahbari Ramzan Qodirov suiqasdda “chechen qo‘li” borligini inkor qilib, o‘z chiqishida Komil Allamjonov va Dmitriy Liga tahdid qilgan, ular “qilmishlari” uchun javob berishi haqida ochiqchasiga bayonot bergan.

“O‘zbekistondagi mansabdor shaxslarga ochiqcha tahdid qilish bu — terrorizm. Buni amalga oshirmoqchi bo‘lgan yoki gapirib chiqqan shaxslar ham javob berishi lozim. Shunday tahdidlar bo‘layotgan vaqtda O‘zbekiston hukumati nega jim turishi kerak? Qachongacha o‘zini shovinistik qarashlari bilan bizga ochiqcha tahdid qiladiganlarni indamay kuzatib o‘tiramiz? Rasmiy shaxs tomonidan bo‘layotgan ochiq tahdidga munosib javob berish vaqti kelmadimi?” deydi u.

Kusherboyev javob shunchaki bayonot bilan emas, aniq choralar orqali bo‘lishi zarurligi, kerak bo‘lsa, yetakchisi ochiqcha tahdid qilayotgan Grozniyga aviaqatnovlarni ham bekor qilish, har bir chechen fuqarosini O‘zbekistonga kirishida qat’iy tekshirish lozimligini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ramzan Qodirov O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Axborot siyosati departamentining sobiq rahbari Komil Allamjonov va O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktori Dmitriy Liga ochiqchasiga tahdid qilgandi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odiljon Tojiyev esa Ramzan Qodirovning O‘zbekistonning ichki ishlariga aralashishi, shuningdek, o‘zbek davlat amaldorlariga nisbatan tahdid qilishini mutlaqo qoralashini bildirib, Ramzan Qodirov O‘zbekiston xalqidan ochiqchasiga uzr so‘rashi kerakligi, agar rostan ham do‘st bo‘lsa, qidiruvdagi Bislan Rasayev va Shamil Temurxonovni O‘zbekistonga topshirishi lozimligini aytdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Komil Allamjonov Ramzan Qodirov chechen

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing