Buxoroda 17 yoshli “virtual valyutachi”ning ishi yopildi

3-sahifa

image

Buxoroning Jondor tumanida 34 milliard so‘mlik kriptovalyutani ishlab topgan 17 yoshli yigitga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi tugatildi. Bu haqda tergovchi 2024 yilning 30 dekabr kuni ishni tugatish bo‘yicha qaror qabul qildi.

Unda qayd etilishicha, Buxoro davlat universiteti talabasi bo‘lgan M.Z. o‘ziga nisbatan e’lon qilingan ayblovga to‘liq iqrorligini bildirib, ko‘rsatmalarida hozirda talaba ekani, oilada yolg‘iz farzand ekani, onasining nafaqadaligi va uning nafaqasi kunlik ehtiyojlarga yetmasligini bildirgan.

Qarorga ko‘ra, talabaga nisbatan ochilgan ushbu jinoyat ishi ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgani, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgani, shuningdek, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergani sababli Jinoyat-protsessual kodeksining 84−5-moddasi 2-bandiga (ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan yoki uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatni birinchi marta sodir etgan shaxs aybini bo‘yniga olish to‘g‘risida arz qilgan, chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol yordam bergan va keltirilgan zararni bartaraf qilgan bo‘lsa) asosan tugatilgan.

“17 yoshli buxorolik Murodjon javobgarlikka tortilmaydi. Aslida tergovchilarda mana shunday vakolat ham bor. Hammani ham sudgacha sudrab javobgar qilish shartmas. Quvonchlisi, bugun Murodjon timsolida minglab O‘zbekiston yoshlarining ruhi sindirilmadi, qaddi bukilmadi. Endi u jinoyatchi emas, haqiqiy qahramon”, deya yozgan Ekologiya vazirining maslahatchisi Rasul Kusherboyev.

Tergovchi qaroriga ko‘ra, M.Z.ga 2024 yilning 14 dekabr kuni qo‘yilgan ayblov olib tashlandi va shuni unga nisbatan qo‘llangan shaxsiy kafillik ehtiyot chorasi bekor qilindi. Shuningdek, qarorda jinoyat ishi bo‘yicha hujjatlashtirib olingan 1 dona iPhone 15 Pro Max telefoni M.Z.ga qaytarilishi belgilangan. Qolgan ashyoviy dalillar jinoyat ishi hujjatlari bilan birgalikda saqlanadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati rahbari Shohrux G‘iyosov ijtimoiy tarmoqlarda buxorolik 17 yoshli bola 34 milliard so‘mlik kriptovalyutani o‘zi ishlab topgani uchun javobgarlikka tortilgani to‘g‘risidagi xabarlarga munosabat bildirgandi. G‘iyosovga ko‘ra, aslida faollar ta’kidlagan “iqtidor” egasi oddiy “virtual valyutchik”lik faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan. U yuqorida tilga olingan jinoyat ishida gumonlanayotgan 17 yoshli Z.M. 7 oy davomida Binance platformasida 4 mingdan ortiq 34 milliard so‘mlik shubhali vositachilik (“virtual valyutchik”lik) operatsiyalarini amalga oshirgan hamda vositachilik haqi undirib kelganini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rasul Kusherboev Buxoro kriptovalyuta Jondor

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing