Olmaotadagi yong‘inda halok bo‘lganlarning o‘limiga nima sabab bo‘lgani aytildi

3-sahifa

image

Olmaotadagi xosteldagi yong‘inda 13 kishining o‘limiga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan. Bu haqda shahar politsiya boshqarmasi tergov bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Aybat Nurzamadiyev ma’lum qildi. 

“13 kishining jasadi topildi, barchasining shaxsi aniqlandi. Sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmoqda. Dastlabki taxminga ko‘ra, o‘limga is gazidan zaharlanish sabab bo‘lgan”, deydi u. 

Halok bo‘lganlarning to‘rt nafari xorijlik – ikki nafari Rossiya va ikki nafari O‘zbekiston fuqarolari. 

“Marhumlarning qarindoshlari diplomatik kanallar orqali xabardor qilingan”, deya qo‘shimcha qildi shahar politsiyasi vakili.  

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, politsiya ushbu xostelda noqonuniy joylashgan ijarachilarni qidirmoqda. 

O‘z navbatida, Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligi rahbari Sirim Sharipxonov fojia sabablari haqida gapirishga hali erta ekanligini tushuntirdi. 

“Tezkor-qidiruv ishlari natijasida yerto‘ladan 13 nafar halok bo‘lgan fuqarolarning jasadi topildi. Bu yerda tor yo‘laklar, nafas olish qiyin bo‘lgan muhit, qalin tutun borligi ishni murakkablashtirdi. Bularning barchasi yong‘inni o‘chirish va odamlarni tezda topishni qiyinlashtirdi. Yong‘in xostel uchun moslashtirilgan yerto‘laning koridorida sodir bo‘lgan. Xostel binoning birinchi qavati va yerto‘lasida joylashgan edi. Yerto‘lada ko‘p miqdorda ortopedik matraslar saqlangan, ular katta yong‘inni yuzaga keltirgan. Haqiqatan ham yerto‘lada bo‘lganlarning qochish imkoniyati juda kam edi. Matraslar yonib, ko‘p tutun hosil qilgan”, deydi vazir. 

Shahar hokimiyati qurbonlarning oilalariga 1 million tenge (2,1 ming dollar) ajratmoqchi.

Eslatib o‘tamiz, bugun, 30 noyabr kuni soat 05:33 atrofida Olmaota shahrining Adi Sharipov ko‘chasida joylashgan binoda yong‘in chiqdi. Favqulodda vaziyat vaqtida ichkarida 72 kishi bo‘lgan. Ularning aksariyati evakuatsiya qilingan. Qutqaruvchilar yetib kelgach, 13 kishining jasadi topilgan. Ulardan 9 nafari Qozog‘iston, ikki nafari O‘zbekiston va yana ikkisi Rossiya fuqarolari ekani aniqlandi. Shuningdek, ikki kishi shifoxonaga yetkazilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, qurbon bo‘lganlar karbon monoksit (is gazi)dan zaharlanish oqibatida vafot etgan bo‘lishi mumkin. 

Yong‘in ortidan favqulodda holat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasi tuzildi.  


Maqola muallifi

Teglar

yong'in Olmaota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made