Olmaotada besh balli zilzila oqibatida 44 kishi jabrlandi (video)

Olam

image

Qozog‘istonning Olmaota shahrida kecha, 22 yanvar kuni tunda sodir bo‘lgan zilziladan 44 kishi jarohatlandi. Bu haqda respublika Sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib, “Nur.kz” xabar berdi.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, Olmaotada turli ko‘rinishdagi, yengil va o‘rtacha og‘irlikdagi jarohat olgan 44 kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgan.

“Turli ko‘rsatkichlar bilan ular shahar shifoxonalariga yetkazilgan, shundan 34 nafari kattalar bo‘lib, ularning 3 nafari shifoxonaga yotqizilgan, 31 nafari ambulator davolanishga yuborilgan. Shuningdek, 10 nafar bolaga tibbiy yordam ko‘rsatildi, ulardan 5 nafari shifoxonaga yotqizildi, 5 nafari ambulator davolanishga yuborildi”, deyiladi xabarda

Shuningdek, barcha bemorlarga shahardagi tibbiyot muassasalarida malakali tibbiy yordam ko‘rsatilayotgani aytiladi.

Bildirilishicha, shahardagi tez tibbiy yordam xizmati va barcha ko‘p tarmoqli shifoxonalar, jumladan, ixtisoslashtirilgan shifoxonalar, bolalar shifoxonalari, tug‘ruqxona tashkilotlari kuchaytirilgan rejimda ishlamoqda.

Shuningdek, zilziladan keyin Olmaotada maktab va kollejlarda birinchi smenadagi darslar bekor qilingan. 

“Shahardagi barcha maktab va kollejlarda qabul punktlari tun bo‘yi ishlagani munosabati bilan 2024 yil 23 yanvardan maktab va kollejlarda birinchi smenadagi darslar bekor qilindi. Bog‘chalar odatdagidek ishlaydi”, deyiladi shahar ta’lim boshqarmasi bayonotida.

Ma’lumot uchun, kecha tunda sodir bo‘lgan zilzilada qozog‘istonliklar his qilgan silkinishlar besh magnitudaga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 22 yanvar kuni soat 23:08 da Xitoy-Qirg‘iziston chegarasida sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonning vodiy viloyatlari (3-4 ball) va Toshkentga (3 ball)ta’sir qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston zilzila Olmaota

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing