Olmaliqda ruxsatsiz shirinlik yegani uchun 8 yoshli bolasining qo‘llarini yoqqan ayol qamaldi
3-sahifa
−
24 aprel 4794 2 daqiqa
Toshkent viloyatining Olmaliq shahrida uydagi shirinlikni ruxsatsiz yegan 8 yoshli bolasining qo‘l va oyoq barmoqlariga paxta tiqib yoqqan ayol 2 yilga qamaldi. Bu haqda “Millar” xabar berdi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmaliq shahri sudining hukmi bilan ayol Jinoyat kodeksining 110-moddasi 2-qismi “a” bandida (voyaga yetmagan shaxsni qiynash) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan. Jazoni manzil koloniyalarda o‘tash belgilangan.
Ma’lumot uchun, holat 2024 yil 30 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. 1991 yilda tug‘ilgan X.A. ismli ayol 8 yoshli o‘g‘li B.A.ni uydagi shirinliklarni ruxsatsiz yegani sababli barmoqlari orasi va boshqa tana a’zolariga paxta tiqib yoqqan. Oqibatda bolaning tanasida 1 va 2-darajadagi kuyish yuzaga kelib, u yengil tan jarohati olgan. Bolaning kuyish jarohatlarini maktabdagi o‘qituvchilari payqab qolgan. Bola bu ishni onasi qilganini aytib bergan. Olmaliq shahar IIB tomonidan X.A.ga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va yashiringani tufayli unga qidiruv e’lon qilingandi. Joriy yilning 7 fevral kuni X.A. protsessual tartibda ushlanib, unga tegishli sud ajrimi asosida qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyati Chirchiq shahrida onasi tomonidan ayovsiz kaltaklangan 4 yoshli qiz vafot etgani xabar qilingandi. Mazkur holat yuzasidan marhuma qizning onasiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Live
Barchasi