Oliy sudda Sardor Umurzoqov boshchiligida keskin tanqidiy yig‘ilish o‘tkazildi
Jamiyat
−
11 avgust 2022
18753O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Sardor Umurzoqov bugun, 11 avgust kuni Oliy sudning yangi raisi Baxtiyor Islomovni jamoaga tanishtirdi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi rahbarining o‘rinbosari Komil Allamjonov Twitter’dagi sahifasida ma’lum qildi.
Uning qayd etishicha, O‘zbekistonda sud tizimi katta islohotlarga muhtoj.
“Adolatli sud tizimisiz xech qanday rivojlanish bo‘lmaydi. Va bugungi sud tizimi katta islohotlarga muhtoj. Ayni daqiqalarda Sardor Umurzoqov kuni kecha Senat tomonidan tasdiqlangan Oliy sudning yangi raisi Baxtiyor Islomovni jamoaga tanishtirmoqda”, deydi Allamjonov.
Ta’kidlanishicha, Oliy sud binosida Sardor Umurzoqov ishtirokidagi yig‘ilish juda keskin va tanqidiy o‘tgan. Buni Allamjonov shunday izohlaydi:
“Chunki bugun keng jamoatchilikning aksariyati sud tizimidan mutlaqo norozi”.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 10 avgust kuni Oliy Majlis Senatining 30-yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Oliy sud raisi Kozim Komilov salomatligi tufayli o‘z xohishiga ko‘ra egallab turgan lavozimidan ozod etishni so‘rab murojaat qilgan. Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlis muhokamasi natijasida uni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimidan ozod etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.
Shuningdek, majlisda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisligiga nomzod muhokama qilingan. Muhokama yakunida Baxtiyor Jahongirovich Islomov Oliy sud raisi etib saylangan.
Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘z taqdimnomasi bilan Konstitutsiyaviy sud sudyasi vakant lavozimiga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi lavozimini egallab kelgan Kozimjon Fozilovich Komilov nomzodini taklif etdi.
Ma’lumot uchun, Baxtiyor Islomov bungacha O‘zbekiston Prezidentining huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida faoliyat olib borgan.