Olimpiada o‘yinlari boshlandi. Pandemiya sharoitida tantanali marosim qay tartibda o‘tkaziladi?
Sport
−
23 iyul 2021
3836Bugun, 23 iyul kuni Tokio Olimpiadasining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tadi. Tadbir Tokio Milliy stadionida Toshkent vaqti bilan soat 16:00 da boshlanadi. Marosimga tomoshabinlar kiritilmaydi. Stadionda faqatgina 950 nafar diplomat, homiylar va Olimpiya qo‘mitasi a’zolari bo‘lishadi. 15 nafar davlat va xalqaro tashkilot rahbarlari ham ushbu voqeani jonli kuzatib boradi.
Rasmiy parad payti sportchi va delegatsiyalar a’zolari koronavirusdan himoyalanish choralarini ko‘rishadi. Barcha ishtirokchilar himoya niqoblarida bo‘lishlari va ijtimoiy masofani saqlashlari shart.
Ijtimoiy masofa stadiongacha 2 metr, stadionning ichida 1 metrni tashkil etadi. Tana harorati 37,5 darajadan yuqori bo‘lganlar stadionga kiritilmaydi. Ishtirokchi davlatlar paradi alifbo tartibi bo‘yicha bo‘lmaydi, maydonga musobaqa vatani Gretsiya delegatsiyasi birinchi bo‘lib chaqiriladi, mezbon Yaponiya esa eng so‘nggida. O‘zbekiston sport delegatsiyasi bugun Ukrainadan so‘ng 25-raqamda arenaga chiqib keladi.
Avvalroq, Tokio-2020 Olimpiadasida O‘zbekiston delegatsiyasi bayroqdorlari Oksana Chusovitina va Bobousmon Baturov ekanligi haqida xabar bergan edik. Biroq MOQ bosh kotibi Oybek Qosimovning ta’kidlashicha, endilikda ushbu vazifa bokschi Bahodir Jalolov va tayekvodochi Nigora Tursunqulovaga ishonib topshirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston delegatsiyasi 17 sport turi bo‘yicha 67 nafar sportchi bilan ishtirok etmoqda. Lekin yo‘llanmalar soni 71 tani tashkil qiladi. Rio Olimpiadasida esa 14 sport turi bo‘yicha 70 nafar sportchi ishtirok etgan edi.
LiveBarchasi