Islomga hurmat: Tarix yozgan Mirziyoyev
Tahlil
−
18:14 2413 10 daqiqa
“Biz buyuk ajdodlarning avlodimiz” kabi jimjimador gaplarni eshitganingizda xayolingizga birinchi nima keladi? Bu kabi gaplarni ko‘p marta eshitganingiz aniq. Bir o‘ylab ko‘ring, uni o‘z ma’nosida tushunganmisiz? Juda ko‘pchilik, afsuski, “ha” degan javobni bera olmaydi. Chunki bu gaplarni eshitganida yo qandaydir tadbirning rasmiy qismi deb e’tiborsiz qoldirgan, yo qayta-qayta eshitaverganidan odatiy jumlalardek qabul qilishni boshlagan. Ayrimlar uchun esa bu kabi gaplar qaysidir nutqning yakunlanganini, endi qarsak chalish kerakligini anglatadigan belgi xolos.
Afsuski shunaqa. Buning sababi bitta: o‘sha buyuk ajdodlar, ulug‘ allomalar deganda kimlar nazarda tutilayotganini tushunmaslik, ular kim ekanligini bilmaslik, tanimaslikdir. Ammo endi hammasi boshqacha bo‘lishi mumkin!
Toshkentning qoq markazida o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi muhim ahamiyatga ega nuqta paydo bo‘ldi. Tasavvur qiling, asrlar davomida dunyoning turli kutubxonalariga sochilib ketgan o‘zbeklarning intellektual boyligi — qo‘lyozmalar, kashfiyotlar va O‘zbekiston tarixining eng yorqin sahifalari endi bitta gumbaz ostida jamlandi. Bu markaz — o‘zbeklar kimligini eslatib turuvchi ulkan “xotira xazinasi”. Binolaridagi har bir naqshda, har bir g‘ishtda millatning o‘z asliga qaytishga intilishi seziladigan Islom sivilizatsiyasi markazini nazarda tutyapmiz.
Yer yuzida 4 ta ekani aytiladigan, ba’zi manbalarda esa 7 ta deyiladigan, nima bo‘lsa ham islom olamida alohida qadrlanadigan Usmon Mushafining bitta asl nusxasi hamda turli sulolalar davrida yaratilgan 114 ta nodir Qur’on qo‘lyozmasini jamlagan, qariyb 8 yil davomida qurilgan, dunyoning eng mashhur OAVlari tomonidan Markaziy Osiyoning “albatta borib ko‘rish kerak bo‘lgan maskani” deb ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi 17 mart kuni tantanali ravishda ochildi. Jarayonda O‘zbekiston yetakchisi Shavkat Mirziyoyev ham ishtirok etdi.
Markaz maydoni va qamroviga ko‘ra, dunyoda islom tarixi, madaniyati va sivilizatsiyalarini o‘rganish hamda targ‘ib etishga qaratilgan yirik majmualardan biri hisoblanadi. U Toshkentning mashhur Hazrati Imom majmuasi hududidagi 10 gektar maydonda barpo etilgan. Bino uch qavatdan iborat bo‘lib, uzunligi 161 metr, eni 118 metrni tashkil etadi. Gumbazining balandligi 65 metr, umumiy foydalanish hududi esa 42 ming kvadrat metrdan ziyod.
Bu kabi noyob ko‘rsatkichlari sabab u yaqinda “Ginnesning rekordlar kitobi”ga kiritilishi ham mumkin.
Markaz zamonaviy texnologiyalar bilan boyitilgan. Bu esa tashrif buyuruvchilarga eski qolibdagi, zerikarli atmosferani emas, balki gologrammalar orqali noodatiy tarzda ma’lumot olish imkonini beradi. Ochilish marosimida Prezident Shavkat Mirziyoyevga ham maxsus mepping gologramma namoyish etildi. Unda Qur’oni karimning nozil bo‘lish jarayoni gavdalantirilgan.
Markazni boyitish maqsadida Prezident topshirig‘iga muvofiq, xorijdagi madaniy boyliklarni O‘zbekistonga qaytarish ishlari olib borilgan. Turli auksion uylari, art-dilerlar va shaxsiy kolleksionerlardan 700 dan ortiq artefaktlar sotib olingan. Shuningdek, turli muassasalar, tashkilotlar va homiylar tomonidan 1000 dan ortiq buyumlar hadya qilingan. Ularning asosiy qismi birinchi qavatdagi muzeyga joylashtirilgan.
Manzildagi kutubxonaning umumiy maydoni esa 3 ming 105 kvadrat metrni tashkil etadi. Hozirgi vaqtda uning fondi 45 ming 150 tadan ziyod adabiyotni qamrab olgan bo‘lib, shundan 2 ming 609 tasi nodir nashrlardan iborat. Bundan tashqari, kutubxonada 350 mingta elektron adabiyot mavjud. U bir vaqtning o‘zida 310 nafar foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, markazga bir kunda o‘rtacha 5 ming nafarga yaqin sayyoh kelishi kutilmoqda. Markaz va muzeyning xalqaro standartlar asosida to‘laqonli faoliyat yuritishi uchun 400 dan ziyod xodim talab etiladi. Ayni paytda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan 100 dan ortiq nazoratchi va 30 dan ziyod ekskursovodlar faoliyat yurityapti. 10 ta davlatdan tashrif buyuruvchi sayyohlar uchun alohida gid matnlari ishlab chiqilgan.
Markaz qisqa muddat ichida xalqaro nufuzli tashkilotlar va nashrlar tomonidan alohida e’tirof etilmoqda.
Xususan, markaz Fransiyaning Avitsenna mukofotiga sazovor bo‘lgan, AQSHdagi Smitson institutining nashri talqiniga ko‘ra, 2026 yilda dunyoda eng katta qiziqish bilan kutilgan 10 ta muzeydan biri sifatida e’tirof etilgan. Shuningdek, “Condé Nast Traveler” nashri uni 2026 yil iyun oyida tashrif buyurish mumkin bo‘lgan muzeylar ro‘yxatiga kiritgan, BBC Travel esa dunyodagi eng ko‘p kutilgan muzeylar qatoriga qo‘shgan. Mashhur Forbes nashri Islom sivilizatsiyasi markazini Yevroosiyoning yangi geomadaniy markazi deb atadi. The Korea Herald saytida e’lon qilingan maqolada esa markazning tashkil etilishi Osiyo va jahon hamjamiyati uchun muhim intellektual va madaniy tashabbus sifatida baholangan.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining rasmiy ochilish marosimida iftorlik tashkil etildi. Unda milliarder Alisher Usmonov ham ishtirok etgani jamoatchilikning alohida e’tiboriga tushdi. Shuningdek, marosimga hududlardagi studiyalar orqali nuroniylar, olimu ulamolar, keng jamoatchilik vakillari ulangan. Qolaversa, turli millat va diniy konfessiyalar a’zolari, diplomatik korpus namoyandalari, xalqaro tashkilotlar vakillari ham qatnashgan. Tadbirda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
“Ne-ne ajdodlarimizning orzu-niyatlari, armonlari ro‘yobga chiqqan mana shunday unutilmas kun bilan, chinakam ilm-ma’rifat bayrami bilan hammangizni chin qalbimdan tabriklayman. Mamlakatimizning uch ming yillik shonli tarixi va boy madaniyatining, Yangi O‘zbekiston imkoniyatlarining yorqin ko‘zgusi bo‘lgan ushbu betakror va buyuk majmua barchamizga, butun xalqimizga muborak bo‘lsin! Bu maskan bilan tanishgan har bir odam, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz islom dinining gumanistik mohiyatini anglab yetadi, o‘zining qanday ulug‘ meros egasi ekanini his etib, qalbi g‘urur va iftixorga to‘ladi”, – dedi mamlakat yetakchisi.
O‘zbekiston islom dinining sof mafkurasini saqlab qolgan, uni keng tarqalishiga xizmat qilgan mamlakat sifatida dunyo davlatlari tomonidan e’tirof etiladi. Isbot sifatida O‘zbekistonning markazi ICESCO, ya’ni Islom olami ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti tomonidan “Islom madaniyati poytaxti” deb e’lon qilinganini ko‘rsatish mumkin. 2007 yilda Toshkent shahri ushbu nufuzli maqomga loyiq ko‘rilgan. Bu Markaziy Osiyo mintaqasida bunday e’tirofga sazovor bo‘lgan ilk shaharlardan biri edi.
O‘shanda poytaxtning eski shahar hududida Hasti Imom majmuasi barpo etilgandi. Bugun esa ayni shu hududda qurilgan markaz sabab yana bir bor dunyo va islom olami e’tiborini Toshkentga qaratmoqda.
Bu yetti kunlikda yana bir katta bunyodkorlik ishlari yakuniga yetdi. Butun islom olamida va musulmonlar orasida yozgan kitobi muqaddasligi bo‘yicha Qur’oni karimdan keyingi o‘rinda turuvchi, o‘n yoshidan boshlab hadis ilmini o‘rgangan, 20 dan ortiq asar yozgan alloma bobomiz Imom Buxoriyning yodgorlik majmuasi qayta ta’mirlanib, 19 mart kuni uning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu tarixiy jarayonda ham davlat rahbari ishtirok etdi.
Imom Buxoriy majmuasi ilgari bir kunda 12 ming ziyoratchiga xizmat ko‘rsatgan bo‘lsa, hozir kuniga 65 ming nafar ziyoratchini qabul qilish quvvatiga ega. Uning maydoni 45 gektarni tashkil etadi. 10 ming kishiga mo‘ljallangan ulkan masjid, ma’muriyat binoi, 154 ustunli, milliy uslubdagi muhtasham ayvon qurildi. Ziyoratgohning qoq markazida Imom Buxoriy bobomizning tabarruk maqbarasi o‘rin olgan.
Majmua tarkibida eng ilg‘or axborot texnologiyalari asosida 9 pavilondan iborat noyob innovatsion muzey barpo etildi. U islom olamida muhaddislar sultoni deya e’tirof etilgan Imom Buxoriyning hayoti va ilmiy merosi, islom ma’rifati rivojiga qo‘shgan hissasini namoyon etadi. Shuningdek, muzeyda Qur’oni karimda ismlari zikr qilingan 25 payg‘ambar tarixi, payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v.ning shajarasi, Makka va Madinadagi hayoti, hadislarning jamlanishi va yozilishi haqidagi ma’lumotlar joylashtirilgan. Qadamjodagi 14 ta moviy gumbaz, 75 metrlik 4 ta minora unga ulug‘vor qiyofa bag‘ishlab turibdi.
“Ushbu betakror qurilish yangi O‘zbekistonning ulkan imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Ziyoratgoh xalqimiz uchun, jahondagi barcha musulmonlar uchun ezgulik va ma’rifat nurini taratadigan qutlug‘ maskanga aylanadi deb ishonaman.
Aminmanki, bu dargohni ziyorat qilib, uning ma’naviy muhitidan bahramand bo‘lgan inson, ayniqsa, yoshlar islom dinining asl ma’nosini anglab yetadi, to‘g‘ri yo‘ldan adashmaydi»”,– dedi Prezident.
Shubhasiz bu kabi ham din, ham ilm, ham ma’rifat, ham o‘zlikni anglatadigan manzillarning Ramazon hayiti arafasida butun xalqqa ochilishi bayramga munosib sovg‘a bo‘ldi deyish mumkin. O‘zbekiston hukumati boshqa millat vakillarini ham hadyasiz qoldirmadi. Afg‘oniston xalqiga qariyb 300 tonna insonparvarlik yordami yetkazilgan bo‘lsa, Eronga 4 ta furada oziq-ovqat va dori-darmon vositalari yuborildi.
TIV matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, un, guruch, shakar, makaron mahsulotlari, kungaboqar yog‘i, konservalar, shuningdek, dori-darmon va tibbiy buyumlardan iborat gumanitar yuk Eron
tomoniga yetkazilgan.
Insonparvarlik yukini qabul qilish marosimida Daregaz shahri meri Mujtabo Bazmara, Eron Tashqi ishlar vazirligining Xuroson-Razaviy viloyatidagi vakolatxonasi rahbari, vazir maslahatchisi Ali Masumifar, shuningdek, Eronning Turkmanistondagi elchisi Ali Mujtabo Ruzbehani ishtirok etgan. Tadbirda mutasaddilar O‘zbekiston Prezidentiga insonparvarlik yordami va Eron xalqiga ko‘rsatilayotgan e’tibor uchun samimiy minnatdorlik bildirgan.
18 mart kuni esa O‘zbekiston Respublikasi nomidan Afg‘oniston xalqiga 290 tonnadan ziyod insonparvarlik yordami yetkazildi. Mazkur ezgu tashabbus Ramazon hayiti munosabati bilan afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi yaqin qo‘shnichilik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash maqsadida amalga oshirilgan.
Ha, asl o‘zbek xalqi mana shunday. Mehmonga uyining to‘ridan joy berib o‘zi poygakda yotishni or deb bilmaydi. Urush davrlari isbotlagan haqiqatni ham eslash mumkin. O‘zlari yeyishga non topolmagan paytda ham o‘zbek oilalari chet eldan yuborilgan g‘irt begona bolalarni ham quchoq ochib kutib olishgan, uylaridan joy berishgan, ularnida kiyintirgan, yedirgan. Buni qiyinchilik davrida 17 ta bolani asrab olgan, insoniylikning oliy cho‘qqisini ko‘rsatgan Shomahmudovlar oilasiga bag‘ishlab suratga olingan “Sen yetim emassan” filmi orqali yaxshi bilasiz.
Ammo bugun pastak uylar kengaydi, lekin yuraklar toraygandek. Yeyish uchun ozuqaning ming bir turi bor, qorni ochiq qolayotganlar deyarli yo‘q, biroq ko‘zi to‘ymaydiganlar ko‘paygandek. Asl mehr nimaligini hammaga ko‘rsatganlar yurtida mehribonlik uylari, qariyalar uylari paydo bo‘ldi, uning ichidagilar soni orta boshladi. Zamon o‘zgardi deb oqlaydi buni ko‘pchilik. Ammo ko‘pni ko‘rganlar zamon joyidaligi, insonlar va o‘lchovlar o‘zgarganini aytadi.
“Eh” deb achinishga sabab bo‘ladigan yana bir voqelik shu haftada oshkor bo‘ldi. Toshkent shahar Olmazor tumanida 3 yoshli bolani enagasining turmush o‘rtog‘i urib o‘ldirdi.
Jabrlanuvchining yaqinlarini aytishiga qaraganda bunga 1 mln so‘m oylik to‘lovning kechikishi sabab bo‘lgan. Bolakay enagasining qaramog‘ida 5 oydan buyon bo‘lgan. Joriy yilning 14 mart kuni enaga ayolning turmush o‘rtog‘i 26 yoshli mavjudot bolaning qattiq yig‘laganini bahona qilib uni shavqatsizlarcha do‘pposlagan. Qo‘shnilarning aytishicha bolakay og‘ir jarohatlar bilan bir necha soat yotavergan, unga yordam ko‘rsatilmagan. Oqibatda gunohsiz jabrlanuvchi 17 mart kuni vafot etgan.
Enaga bolaning yaqinlariga dastlab ovqatdan zaharlanib vafot etganini aytgan. Ekspertiza xulosasi esa boladagi og‘ir tan jarohatlarini aniq ko‘rsatib bergan. 18 mart kuni mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Yana bir dahshatli qotillik xronologiyasi ham ortda qolayotgan haftada ochildi. Turkiyada yana bir o‘zbekistonlik ayol o‘ldirilgan. Uni ham jasadi bo‘laklangan. Yana murda axlat qutilariga tashlangan. Yana, yana, yana…
Istanbulda 7 yil avval 36 yoshli Hurriyat Tursunboyevaning bedarak yo‘qolgani haqida opasi tomonidan xabar berilgan. U turkiyalik erkak bilan oila qurgan bo‘lgan. Tergov doirasida Hurriyatning qo‘shnilari so‘roq qilinganida eri ularga xotini deportatsiya qilinganini aytgan. Qo‘shnilar esa o‘sha paytda xonadondan badbo‘y hid kelganini eslagan. Ersin ismli shaxs bu hidni uyda kabutar boqayotgani bilan izohlagan.
Tekshiruvlar natijasida ayolning Turkiyadan chiqib ketmagani, aksincha, uning telefon raqami o‘sha yillarda faol bo‘lgani aniqlangan. Shuningdek, er-xotin o‘rtasida muntazam janjallar bo‘lib turgani ham ma’lum bo‘lgan. Voqeadan 7 yil o‘tib aslida Hurriyat Tursunboyeva 37 yoshli turmush o‘rtog‘i tomonidan tayoq bilan urib o‘ldirilgani aniqlandi.
Erkak o‘z ko‘rsatmasida Hurriyatni o‘ldirgach, jasadni bir oy davomida balkonida saqlaganini, ustini qum, keyinchalik ohak bilan bekitganini aytgan. Badbo‘y hid ketmagach, uni oshxonada bo‘laklarga ajratib, uyi yaqinligidagi chiqindiga tashlaganini tan olgan. Xonadonda o‘tkazilgan tekshiruvda oshxona va balkon qismlarida yetti yil oldingi qon izlari topilgan.
Qolaversa, u ayoli tashlab ketgani haqidagi yolg‘on vaj bilan ajrashishga ham erishgan. Gumonlanuvchi Ersin va do‘sti Anil ushlangan. Hozirda mazkur ish bo‘yicha hujjatlar sudga topshirilgan. So‘nggi ikki oy ichida daragi chiqqan to‘rtinchi qotillik bu.
Hurmatli musofir ayollar! Juft tanlashda va kim bilandir munosabatga kirishishda hissiyotlaringizgagina suyanib qolmang!