Olimlar Yerning ehtimoliy “egizaki”ni topdi
Bu qiziq
−
02 iyun
34157Yaponiyalik olimlar Yerning “egizaki” yoki uning “yovuz egizaki” bo‘lib chiqishi mumkin bo‘lgan yangi ekzosayyorani topdi. Bu haqda “The Astrophysical Journal Letters” nashri xabar berdi.
Venera va Marsni ko‘pincha Yerning “yovuz egizaklari” deb atashadi, chunki ular hajmi va tarkibi o‘xshash, lekin hayot uchun mos emas. 1990 yillardan buyon Quyosh tizimidan tashqarida 5500 dan ortiq sayyoralar topildi. Ularning aksariyati Yerdan yuzlab yorug‘lik yili uzoqlikda joylashganligi sababli ularni o‘rganish qiyin.
Qayd etilishicha, yangi tadqiqotda olimlar NASA'ning TESS kosmik teleskopi va Yaponiya Milliy astronomik observatoriyasining Subaru teleskopi ma’lumotlaridan foydalangan holda yangi Gliese 12 B sayyorasini topib, tavsiflagan. Gliese 12 B Quyosh tizimidan atigi 40 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan. Bu uni kelajakdagi 30 metrlik teleskoplar yordamida o‘rganish imkonini beradi.
Ayni paytda olimlar yangi sayyorada bir yil 12,8 kun davom etishini biladi. Uning radiusi Yernikidan 4% kamroq. Gliese 12 B o‘z yulduzidan Yerga nisbatan 1,6 baravar ko‘proq nurlanish oladi. Ushbu ko‘rsatkichga ko‘ra, yangi ekzosayyora Veneraga yaqin. Shu sababli, ehtimol, unda hayot yo‘q. Biroq, olimlar kelajakda Gliese 12 B yuzasida suyuq suv topish imkoniyatini istisno qilmaydi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Xitoyning “Chan’e-6” zondining qo‘nish va uchish moduli tuproq yig‘ish missiyasi doirasida Oyning narigi tomoniga muvaffaqiyatli qo‘ngani xabar qilingandi.
LiveBarchasi