Ogohlantirish: “Tolibon” bo‘ysunmas Panjsherning taslim bo‘lishiga 4 soat vaqt berdi (video)
Olam
−
22 avgust 2021
25115“Tolibon” Afg‘onistonning Panjsher viloyatidagi qarshilik kuchlariga hududni harakat nazoratiga topshirish uchun to‘rt soat vaqt berdi. Bu haqda “Al Arabiya” telekanali bugun, 22 avgust kuni ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, toliblar Ahmad Mas’udga (“Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatish lideri] Panjsher viloyatini topshirish uchun to‘rt soat vaqt bergan.
“Tolibon” harbiy bo‘linmalari viloyatni egallab olish uchun operatsiyani boshlashga to‘liq tayyor turibdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etish kerakki, toliblarning ushbu bayonoti bilan bir vaqtda ijtimoiy tarmoqlar orqali “Tolibon” qo‘shinlari Panjsher viloyatiga yurish qilayotgani aks etgan videolavhalar tarqaldi.
Ma’lumot o‘rnida, Panjsher va “Tolibon” o‘rtasida muzokaralar boshlangani haqida xabarlar tarqalgandi. Bundan avvalroq, Rossiyaning Afg‘onistondagi elchisi Dmitriy Jirnov OAVga “Tolibon” qon to‘kishni istamasligi, aksincha Ahmad Mas’ud bilan kelishib olmoqchiligini ma’lum qilgandi. Muzokaralar o‘z natijasini bermagan ko‘rinadi.
Panjsher — “Tolibon”ga bo‘ysunmagan yagona viloyat
Ushbu viloyat Afg‘onistoning sharqida joylashgan bo‘lib, u yerda taxminan 150 ming aholi yashaydi. Qayd etish kerakki, viloyatning 98 foiz aholisi etnik tojiklardan tashkil topgan. Panjsherda “Tolibon”ga qarshi kuchlar to‘planayotgani ham aytilmoqda va hozirda ushbu provinsiya toliblarga qarshilik ko‘rsatish markazi bo‘lishi taxmin qilinyapti.
Bu yerda Afg‘onistonning bir qator nufuzli siyosiy figuralari jamlangan: mamlakatning 1992-1996 yillardagi Mudofaa vaziri, mashhur “dala qo‘mondoni” Ahmad Shoh Mas’udning o‘g‘li Ahmad Mas’ud, birinchi vitse-prezident Amrulloh Solih, Marshal Abdul-Rashid Do‘stum hamda uning o‘g‘li Yormuhammad Do‘stum.
20 yil deganda Afg‘onistonni tark etayotgan AQSH
2001 yili Nyu-Yorkda terakt (terrorchilik harakati) amalga oshirildi. Shundan so‘ng, AQSH va u a’zo bo‘lgan NATO kuchlari Afg‘onistonga qo‘shin kiritdi. Shu bilan Amerika tarixida eng uzoq davom etgan 20 yillik afg‘on urushi boshlandi. Kichik Jorj Bush, Barak Obama va Donald Tramp kabi AQSH Prezidentlari ushbu urushni yakunlay olmadi. Faqat Prezident Bayden davriga kelib Afg‘onistondan mamlakat qo‘shinlarini olib chiqib ketish boshlandi.
Afg‘onistondagi davlat to‘ntarishi
Afg‘onistonni bir yirik kuch tark etishi ortidan boshqa bir kuch — “Tolibon” mamlakat hududlarini egallay boshladi. Qayd etish kerakki, AQSH qo‘shinlarining Afg‘onistonni tark etishi oxiriga yetmay turib, “Tolibon” mamlakat poytaxtini egalladi. 15 avgust kuni Afg‘oniston Islom Respublikasini qulatgan toliblar 19 avgust kuni Afg‘oniston Islom Amirligi tuzilganini e’lon qildi.
LiveBarchasi