Odiljon Abduqahhorov: “Kim jonli ijroda konsert berolmasa, o‘ziga boshqa ish topsin”
Madaniyat-san’at
−
08 fevral 2019
16807“2019 yildan barcha yakkaxon konsert dasturlarining 30% qismi jonli ijroda o‘tkazilishi qat’iy talab qilinadi. Keyinchalik bu ko‘rsatkichni bosqichma-bosqich 60% va undan keyin 100% jonli ijroda o‘tkazilishiga erishish maqsadida “O‘zbekonsert” davlat muassasasi tomonidan loyiha ishlab chiqildi", deydi “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov bugungi milliy estrada san’ati va uning oldida turgan qator masalalar xususidagi matbuot anjumanida.
— Loyiha bir tomondan mamlakatdagi barcha san’atkorlar uchun sinov maydoni bo‘lib xizmat qiladi, ya’ni kim talabni bajara olmaydigan bo‘lsa, o‘zi bilib boshqa sohani tanlab, boshqa yo‘lda davom etadi.
Ikkinchi tomondan esa, davlat tadbirlarining barchasini jonli ijroda o‘tkazilishi uchun tayyorgarlik ko‘rib borilmoqda. Ammo hozirgacha estrada xonandalari o‘z yo‘liga, hatto, ayrim xizmat ko‘rsatgan artistlarimiz orasida bu tadbirlarda ishtirok etishdan bosh tortgan holatlar kuzatildi.
Bosqichma-bosqich amalga oshirilishining ham sababi ayni maqsadlardan kelib chiqqan. 100% jonli ijrodagi konsertlarga yetib kelishgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida butun respublika, barcha hududlardagi madaniyat saroylari, barcha konsert zallarini tayyorlash, barcha texnik sharoitlarni yaratish ishlari olib boriladi.
Biz hech kimdan ertagayoq to‘liq jonli ijroda konsert berishni talab qilmoqchi emasmiz. Parallel ravishda qilingan harakatlar orqali yaqin yillarda O‘zbekistonda davlat tadbirlari va yakkaxon konsertlarning barchasini to‘liq jonli ijroda o‘tkazilishiga erishamiz – deydi "O‘zbekkonsert" DM bosh direktori.
Ta’kidlash joizki, "O‘zbekonsert” davlat muassasasi tomonidan ishlab chiqilgan ushbu loyiha muassaning fevral oyi kengashida tasdiqlanishi rejalashtirilgan.
LiveBarchasi