Odamlardan pul olib, ularni chuv tushirgan firma aniqlandi (video)
3-sahifa
−
07 avgust 6805 2 daqiqa
Ijtimoiy tarmoqlarda Yevropaga ishga yuborish va’dasi bilan odamlardan dollarlab pul olib, fuqarolarni chuv tushirgan firma haqida video tarqaldi. Holat yuzasidan Migratsiya agentligi ma’lumot berdi.
Qayd etilishicha, fuqarolarni xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini litsenziyasiz amalga oshirgan “Adworld Group” MCHJ faoliyati yuzasidan murojaatchining arizasiga ko‘ra rasmiy tekshiruv o‘tkazilib, qonunbuzarlik holatlari aniqlangan. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, ushbu MCHJ ijtimoiy tarmoqlarda Chernogoriya, Serbiya, Angliya, Litva, Norvegiya, Ummon va Yaponiya kabi davlatlardagi ish o‘rinlarini reklama qilgan. Fuqarolarga konsalting bahonasida, aslida xorijda ishga joylashtirish xizmatlarini taklif qilgan. Bu faoliyat “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi qonun talablariga zid ravishda, litsenziyasiz amalga oshirilgan.
“Ushbu kompaniyaning noqonuniy faoliyatini ayrim ko‘p sonli kuzatuvchilarga ega bo‘lgan blogerlar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng targ‘ib qilgan. Blogerlar orqali berilgan noto‘g‘ri reklama odamlarda ishonch uyg‘otib, ko‘plab fuqarolar kompaniya xizmatlaridan foydalanish uchun pul to‘lashga rozi bo‘lgan va oqibatda aldanib qolgan”, deyiladi xabarda.
Migratsiya agentligi tomonidan “Adworld Group” MCHJga nisbatan 112 million 500 ming so‘m miqdorida jarima qo‘llangan. Jarima ixtiyoriy ravishda to‘lanmagani sababli mablag‘ni sud orqali undirish ishlari boshlangan.
Agentlik xorijda ishlash istagidagi fuqarolar bo‘lsa, Migratsiya agentligi yoki faqat litsenziyaga ega xususiy bandlik agentliklariga murojaat qilishni so‘ragan.
“Telegram yoki Instagram’dagi har qanday “Yevropaga ish”, “Yaponiyaga chiqish” kabi e’lonlarga ishonmang. Aks holda, mablag‘ingiz va huquqlaringiz himoyasiz qoladi!” deyilgan xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahrida fuqarolarni aeroportga ishga kiritmoqchi bo‘lgan qo‘riqlash bo‘linmasi nazoratchisi qo‘lga olingandi. U o‘nga yaqin odamni chuv tushirgandi.
Live
Barchasi