Ochilganiga 1 yil bo‘lmay Congress Hall tomi quladimi?
Jamiyat
−
03 dekabr 2019
20480Kecha, 2 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Tashkent City`dagi Congress Hall tomi qulab tushgani haqida xabar tarqalgan edi. Tashkent City xalqaro biznes markazi rahbariyati mazkur xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ma’lum qildi.
Gap shundaki, tadbir uchun chaqirilgan chiroq ustalari o‘z uskunalari bilan ishlayotganda, ehtiyotsizlikka yo‘l qo‘ygan. Ular chiroqlarni o‘rnatayotganda belgilangan doiradan chiqib ketishi natijasida “gipsokarton”li qism og‘irlikni ko‘tara olmagan. Ya’ni, bu yerda inson omili hisobiga “gipsokarton”ga zarar yetgan. Congress Hall`ning tomiga zarar yetmagan.
“O‘tkazilgan tekshiruv natijasida mazkur axborot haqiqatga to‘g‘ri kelmasligi, tom qismi butun holatda yekanligi aniqlandi. Hozirda yolg‘on xabar tarqatilishining sabablari va manbalarini aniqlash ishlari olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, Tashkent City`dagi Congress Hall hudud seysmik jihatlari inobatga olingan holda, zilzilabardoshligi 9 ballgacha etib qurilgani ta’kidlangan.
Eslatib o‘tamiz, Congress Hall qurib bitkazilganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Bu yerda ilk bor joriy yilning 21 oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tgandi.
LiveBarchasi